Fargʻonadagi hokimlarga “dam” berildi

Fargʻona viloyatining barcha tuman va shaharlari hokimlari 2022 yil 1 yanvardan 15 yanvargacha taʼtilga chiqdi

Davlat rahbari tomonidan barcha mahalliy hokimlik hamda sektor rahbarlarining mehnat taʼtiliga chiqishi va davolanishini 2 bosqichda oʻtkazish maqullandi.

Maʼlumotlarga koʻra, taʼtil “Mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi qonunning 21-moddasi asosida va Prezident Administratsiyasining 25 dekabrdagi topshirigʻiga asosan oʻtkazilmoqda.

Viloyat hokimining oʻrinbosarlari, maslahatchilari va yordamchilari, tashkiliy-kadrlar guruhlari rahbarlari, tumanlar va shaharlar hokimlari hamda ularning oʻrinbosarlari, tuman va shaharlar sektorlari rahbarlari uchun mehnat taʼtillari tegishli muddatga belgilandi.

Birinchi bosqichda taʼtilga chiqayotgan tuman va shahar hokimlarining vazifalari vaqtinchalik hokim oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatildi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bogʻliq qarorlar va farmoyishlar tuman va shahar hokimi vazifalarini bajarish vaqtincha yuklangan hokim oʻrinbosarlari tomonidan tuman va shahar hokimi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.

Shuningdek, hokimlarga ularning oʻrinbosarlarini 2022 yil 17 yanvardan sogʻligʻini tiklash maqsadida mehnat taʼtiliga chiqarishni taʼminlash topshirildi.

Shahar va tuman hokimlari Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son va 2-son shifoxonalari, “Qibray”, Rossiyadagi Oʻzbekiston va Yalta sanatoriyalarida hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Chinobod Plaza”, “Turon” va “Oqtosh” sanatoriyalarida sogʻligini tiklaydi. Quvasoy shahar hokimi yaqinda ish boshlagani bois ish faoliyatini davom ettirmoqda.