TIV Qozogʻistonda kechayotgan soʻnggi voqealardan xavotirda

Qozogʻistondagi voqealar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bayonoti eʼlon qilindi.

Qardosh Qozogʻistonda kechayotgan soʻnggi voqealar Oʻzbekistonda xavotir bilan qabul qilinib, ushbu mamlakatdagi vaziyat rivoji diqqat bilan kuzatib borilmoqda.

Ishonchimiz komil, donishmand Qozogʻiston xalqi mamlakatda beqarorlik avj olishining oldini olishga, zoʻravonlik va insonlar orasida qurbonlar yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslikning uddasidan chiqadi.

Qozogʻiston xalqi oʻzaro hamjihatlikni saqlash, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni tiklash hamda yuzaga kelgan muammolarni oʻzi mustaqil hal qilish uchun yetarli qatʼiyat va irodaga egaligiga ishonamiz.

Oʻzbekiston Qozogʻiston xalqi va rahbariyatining mamlakat barqarorligi hamda ravnaqi, millat farovonligini taʼminlash yoʻlida olib borayotgan saʼy-harakatlarini cheksiz qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaydi, deyiladi xabarda.