Maʼlum qilganimizdek, joriy o‘quv yili uchun belgilangan qishki taʼtil davri 24 yanvarga qadar uzaytirildi. Shu bilan bir qatorda talaba-o‘quvchilarga o‘z uylaridan taʼlim muassasalariga qaytishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida temiryo‘l chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham 2022 yilning 24 yanvariga qadar uzaytirildi.
Bundan tashqari, 2022 yilning 11 yanvarigacha bo‘lgan muddatga xarid qilingan avia va temiryo‘l chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib berilmoqda.
Biroq bugun ijtimoiy tarmoqlarda chiptalarni almashtirgani kelgan talabalar va fuqarolarning katta navbati aks etgan videolar tarqaldi.
Shu sababli Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi talabalar va ularning yaqinlariga murojaat bilan chiqdi.
«Temiryo‘l chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham, 11 yanvargacha bo‘lgan davrga xarid qilingan avia va temiryo‘l chiptalarini bepul tarzda almashtirib berish muddati ham 2022 yilning 24 yanvariga qadar uzaytirilganini yana bir bor eslatib o‘tamiz.
Shunday ekan, aziz talabalar, hurmatli ota-onalar 24 yanvarga qadar zaxirangizda qariyb 17 kun bor.
Barcha talabalarning 11 yanvargacha bo‘lgan davrga xarid qilingan temiryo‘l chiptalari to‘liq bepul tarzda almashtirib beriladi. Ehtiyojdan kelib chiqib, qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlar qatnovi ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, siz chiptalarni joylardagi (shahar, tuman) temiryo‘l kassalaridan ham almashtirish imkoniga egasiz.
Shularni hisobga olgan holda, sizdan chipta kassalarida uzoq navbatlarda turib, vaqtingizni behudaga sarflamasligingizni so‘raymiz», deyiladi xabarda.
Bunday paytlarda elektron almashtirish xizmatini joriy etish eng maqbul yechim, deb bilamiz va maʼsul kishilarga shu tartibni joriy etish taklifini beramiz, bu bilan fuqarolarning ortiqcha qatnov, hujjatlar uchun yugur-yugurlariga chek qo‘yiladi, hozirgi kabi qator navbatlar va noroziliklarning oldi olinishiga ishonchimiz komil.