» — Qozogʻiston geosiyosiy erkini boy berdi,» – ekspert fikrlari

So‘nggi kunlarda Qozog‘istonda yuz berayotgan voqealar xususida taniqli siyosatshunos, xalqaro sharhlovchi Kamolddin Rabbimov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida munosabatini bildiribdi.

Qozog‘istondagi voqealar “syurpriz”mi?

Qozog‘istondagi voqealar mutlaq kutilmagan “syurpriz” bo‘ldi. Hali bu voqealar o‘zining xotimasidan uzoq. Lekin, bu voqealarning mintaqa uchun oqibatlari, o‘ta jiddiy, ancha salbiy bo‘ladi.

Qozog‘iston – O‘zbekistonning eng birinchi qo‘shnisi.

1) O‘zbekistonning eng uzun davlat chegarasi, aynan Qozog‘iston bilan.

2)O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyo mintaqasining asosiy ikki yirik davlatlari hisoblanadi.

Bu ikki davlat bir tomondan o‘zaro raqobatda. Boshqa tomondan, mintaqaning geosiyosiy mustaqilligi, aynan mana shu ikki davlatning geosiyosiy mustaqilligi bilan belgilanadi. Bu voqealar natijasida, Qozog‘iston jiddiy shaklda o‘zining geosiyosiy mustaqilligini qisqartirib ulgurdi. Keyingi uch yilda erishilgan nisbiy geosiyosiy mustaqillikni tiklash uchun, yana ko‘p urinishlar va yillar kerak bo‘ladi.

1.Qozog‘iston hukumati ham, muxolifati ham, o‘zaro kelishishdan ko‘ra, davlat suverenitetini tahdidga qo‘yishni, yeki davlat suverenitetini qisman sotishni o‘zlari uchun qulayroq ko‘rishdi. Hukumatning “muxolifat chetdan turib hech narsa qila olmaydi” degan ishonchi, naqadar xato ekanligi, o‘zining isbotini topdi. Ablyazov va boshqalar, yillar davomida ushbu namoyishlarni ma’naviy-siyosiy asoslarini parvarishlab kelishdi. Va kutilmaganda, vaziyat izdan chiqdi.

2.Prezident To‘qayev tezda hukumatga iste’fo berib, vaziyatni faqat alangalatdi. Demokratiya – bu muvozanatga intilish. Jamiyatning talablariga doim e’tibor berib borish kerak. Lekin, agar siyosiy vaziyat yanada qaltislashishiga sababchi bo‘lsa, vazminlik ko‘rsatish va namoyishchilarga moʻtadil munosabatda bo‘lish – maqsadga muvofiq. Demokratik davlatlarda, hukumatlar namoyishchilarni otishmaydi, lekin, ularni alangalatishga ham imkon berishmaydi.

3.Qozog‘iston ham, 2005 yilda O‘zbekiston qilgan xatoga qo‘l urdi. O‘zini qutqarish uchun, davlat suverenitetini qisman sotib, tashqi qo‘llov olishga intildi. O‘zbekiston namoyishchilarni ommaviy otdi. Va bu bilan katta xato qildi.

Qozog‘iston boshida namoyishchilarni kutilmaganda yanada ilhomlantirdi: hukumatni tarqatib yubordi, narxlarni pasaytirdi. Lekin, oradan kunlar o‘tib, namoyishchilarni “terrorist” deb atash boshlandi, o‘lganlar soni ko‘p ekanligi aytilmoqda. Vazmin murosa va muzokaralar bo‘lmadi.

Namoyishlar chog‘ida, bir tomondan vaziyatni demokratlashtirish – ya’ni, namoyish huquqini ta’minlash, boshqa tomondan, davlat barqarorligini ta’minlash – muhim vazifa. Shuning uchun, davlat, vazminlik bilan, ehtiroslarni ohista pasayishiga erishishi kerak edi. Bunga misol – Rossiyaning Xabarovsk namoyishlari, Fransiyadagi “sariq nimchalilar” namoyishlari va h.k. Ya’ni, davlat namoyishlardan qo‘rqib ketmaydi, ularni oldini ham olmaydi, ularni yanada avjlanishiga ham imkoniyat bermaydi.

Qozog‘iston jamiyati avtoritarizmdan demokratiyaga “sakrab” o‘tmoqchi edi. Demokratiyaga erishgach esa, geosiyosiy mustaqilligini to‘liq o‘z qo‘liga olmoqchi edi. Lekin, “sakrash” jarayonida, yiqilib tushdi. Erkinlik uchun sakrab, bor erkinligiga ham putir yetkazdi. Geosiyosiy mutsaqillik istab, kutilmaganda, geosiyosiy qopqonga tushdi.

Dunyo davlatlari va mintaqalarida, o‘ziga xosliklar ko‘p. Bizning, Markaziyo Osiyoning o‘ziga xosligi shundaki, yonimizda ichki siyosiy inqirozlardan juda unumli foydalanib, o‘z iskanjasiga olishni istovchi och geosiyosiy maxluq mavjud.

Davlat hikmat bilan ish qilishi kerak. Jamiyat aql bilan ish qilishi kerak. O‘zbekistonning ittifoqchi davlati bo‘lmish Qozog‘iston, kamida ko‘p yillarga o‘zining geosiyosiy mustaqilligini, jiddiy bir shaklda yerga tushirib yubordi. Bu esa, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo uchun ham, juda yomon xabar.

Muallif: Kamoliddin Rabbimov

P.S. Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazarini bildirmaydi.

Qozogʻistonda mamlakat boʻylab terrorchilik xavfining yuqori darajasi joriy etildi