“Oʻzbekneftgaz” benzin narxi tushmagani, mabodo tushsa oʻzlari xabar berishini aytdi

Bugun, 8 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali avtobenzin narxi arzonlashganiga oid tasdiqlanmagan xabar tarqatildi va bu holat internet foydalanuvchilari, isteʼmolchilari oʻrtasida keng muhokamalarga sabab boʻldi. “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati ushbu xabar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan avtobenzin taqchilligi oldini olish, isteʼmolchilar talab va takliflariga binoan narxlarning arzonlashtirilishi bosqichma-bosqich amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu boradagi oʻzgarishlar eng avvalo Jamiyat Matbuot xizmati va OAV orqali rasman ommaga yetkaziladi.

Taʼkidlash kerakki, “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining topshirigʻiga asosan, “Ishchi guruh”lari tuzilib, neft mahsulotlarining isteʼmolchilarga yetkazib berilishi toʻliq nazoratga olingan.

Benzin taqchilligini oldini olish va uning narxlarini arzonlashtirish borasida “Oʻzbekneftgaz” AJ, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va “Tovar xomashyo birjasi” AJ hamkorligida chora-tadbirlar bajarilmoqda.

Bugungi kunda birja savdolari orqali savdoga chiqarilayotgan avtobenzin sotib olinib, isteʼmolchiga yetkazib berilgunga qadar (soliq, rentabellik, transport xarajatlari va boshqa xarajatlar) 6700 soʻmni tashkil etmoqda.

Xarajatlarni kamaytirish borasida qilinayotgan ishlarning samarasi oʻlaroq, bugungi kunda “Oʻzbekneftgaz” AJga qarashli “UNG Petro” korxonasi AYOQShlarida 6500 soʻmdan sotib kelinmoqda. Respublika hududidagi “Oʻzbekneftgaz” AJning barcha AYOQShlarda benzin shu belgilangan narxda sotilishi taʼminmoqda.

Avtobenzin narxi arzonlashishi borasida yangiliklar Jamiyatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali eʼlon qilinishini maʼlum qilamiz, deyiladi xabarda.