Deyarli har oyda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning sotilishi to‘g‘risida xabarlar tarqaladi. Ularda chaqaloqlar yaqinlari tomonidan 700 AQSH dollaridan 23-30 ming dollargacha sotilayotganini ko‘rish mumkin. Eng achinarlisi, go‘daklar o‘z onalari tomonidan pullanmoqda.
Ushbu jinoyatga qo‘l urgan xotin-qizlarning ijtimoiy holati o‘rganilganda, ularning ko‘pchiligi bugun og‘ir turmush sharoitida va moddiy qiyinchilikda yashayotgani, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda psixologik yordamga muhtojligi aniqlanadi.
Hikoya qilayotganimiz jajji chaqaloq Muxammadbilol ham 9 ming dollarga baholanipti. Imkonsizlikdanmi, yo iymonsizlikdan, ota-ona jonining bir parchasini keraksiz buyum kabi sotib yubormoqchi bo‘lgan. Balki ularga ham oson emasdir.
Voqea o‘rganilganda Inoyatov Sanjarxon Umarxon o‘g‘li 2019 yil 17 iyun kuni soat 14:00larda o‘zining shar’iy nikohida bo‘lgan xotini Turdiyeva Go‘zal Shavkatovna bilan oldindan til biriktirib, 2018 yil 26 oktyabr kuni tug‘ilgan o‘g‘lini Muhammadbilolni sotib yubormoqchi bo‘ladi.
Shu maqsada Toshkent shahar Uchtepa tumani Chilonzor mavzesi 12 dahasida joylashgan «Jiz-biz» deb nomalangan kafeda Ibragimova Sabohat Asqar qizi bilan kelishib, undan 9000 dollar miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida Ichki ishlar xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
«2018 yilda biz turmush o‘rtog‘im Inoyatov Sanjar bilan turmush qurganmiz. Shundan so‘ng biz o‘g‘il farzandlik bo‘ldik. Shu vaqtda turmush o‘rtog‘im bilan vaqtincha ishsiz bo‘lib qoldik. Ayollar salonida T. bilan tanishib qoldik va men unga ahvolimiz haqida aytib berdim. Bolani parvarish qilishda qiynalib qolganimizni tushuntirdim. So‘ng T. bizni Ibragimova Sabohat bilan tanishtirib qo‘ydi. Bola uchun 9000 dollar miqdorida pul olishga kelishdik. Bolani o‘zimiz parvarish qilishga imkonimiz bo‘lmagach, shu yo‘l bilan uning kelajagi yaxshi bo‘lishiga ishongan edik», —deydi bolaning onasi Turdiyeva Go‘zal.
Ota-onaga JK 135 moddasi 3-qismi «a» bandi bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, ota 5 yilga, ona 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Jinoyat uchun jazo muqarrarligi aniq. Ammo shunga majbur qilayotgan muhit uchun kim javobgar?
Ammo… Tanganing ikkinchi tomoni ham bor.
Yengil-yelpi hayotining «meva»si bo‘lgan farzandini pullab,o‘sha pullarga olingan uy,yo mashinada kayf-u safosini davom ettirib yurgan ona so‘ziga nomunosiblar qancha?
Imi-jimida oldi-berdi qilayotgan qo‘llarning qanchasiga kishan taqildiyu, yana qanchasiga tilla bilaguzuk?
Bu mavzu haqida ko‘p gapirganmiz, va yana gapiraveramiz. Afsuski shu qadar tubanlikka borayotgan, farzandini onasidan, o‘zini esa ona degan buyuk nomdan mosuvo qilayotganlar, bu ishni esa qo‘lning kiri hisoblanmish pulni deb amalga oshirayotganlar — bugunning eng jirkanch va ayanchli haqiqati.