O‘zbekistonga qat’iy karantin choralari qaytadimi?!

Ma’lumki, shu kunlarda dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yanada murakkablashmoqda. Xususan, COVID-19ning yangi “omikron” shtammi qator mamlakatlarda jiddiy muammolarni yuzaga keltirayapti.Kecha sayyoramiz bo‘yicha 2 million 700 mingdan ziyod kishida “SOVID-19” aniqlandi. Bu — 6 yanvar holatiga nisbatan qariyb 200 mingta ko‘p ko‘rsatkich.

O‘sish sur’atlari qayd etilgan mamlakatlar orasida AQSH har doimgidek birinchi — 730 mingdan ziyod holat. Fransiyada esa 328 ming, Ispaniyada 242 ming, Buyuk Britaniyada 178 ming bemorda koronavirus ro‘yxatga olindi. Yangi holatlarning aksariyatini “omikron” shtammi tashkil etmoqda.

Buning ortidan esa ko‘plab davlatlar keskin karantin choralarini qo‘llashga majbur bo‘lyapti.

Jumladan, Germaniyada koronavirusga qarshi emlanmaganlar uylarida ikki kishidan, vaksina olgan va kasallikka chalinib bo‘lganlar esa o‘n kishidan ortiq mehmon qabul qilishlari mumkin emas.

Daniyada bayram kunlari teatr, kinoteatr kabi jamoat joylari eshigiga qulf osiladi. Yangi Zelandiya “omikron” xavfi tufayli o‘z chegaralarini ochish muddatini yanvar oyidan fevral oyigacha uzaytirdi. Shveysariyada odamlar bar, restoran, sport zallari va boshqa jamoat joylariga vaksina pasportlari bilangina kiritiladi. Irlandiyada esa ana shunday muassasalar ish soati 20:00ga qadar cheklandi.

Buyuk Britaniyada tibbiyot xodimlari yetishmovchiligi tufayli harbiy xizmatchilar shifokorlarga yordamlashishga kirishdi.

Birgina London shahrining o‘zida 200 nafar askar uch hafta davomida sog‘liqni saqlash xizmati ixtiyoriga berildi. Shuningdek, hukumat kasallik uchun test olish va emlash jarayonida ham harbiylar ko‘magidan foydalanmoqchi.

Italiyadagi shoshilinch tibbiy yordam muassasalarida ham o‘rin-joylar allaqachon to‘lib bo‘lgan. Shu sababli endi bemorlarni maxsus chodirlarda muolaja qilish yo‘lga qo‘yildi.

Gresiya hukumati 7 yanvarda fuqarolik safarbarligi to‘g‘risidagi buyruqni imzoladi. U 12 yanvardan kuchga kiradi. Hujjatga ko‘ra, ba’zi xususiy shifokorlar SOVID-19ni davolashga ixtisoslashgan davlat kasalxonalariga jalb etiladi.

Avstraliya rasmiylari esa mamlakatning ba’zi shtatlarida yanvar oyi oxiriga kelib pandemiya to‘lqini cho‘qqiga chiqishidan jiddiy xavotirda. Shu tufayli bu yerda ba’zi cheklovlar qayta tiklanmoqda.

Afsuski, so‘nggi kunlarda yurtimizda ham kasallanishlar soni yana orta boshladi.Sog‘liqni saqlash vazirligi ham O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tobora murakkablashib borayotganini ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, 8 yanvar kuni 369 kishida koronavirus aniqlangan, jami bemorlar soni 200 ming 341 nafarga yetgan.

Shuningdek, 2 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgan.To‘g‘ri, hali mamlakatimizda “omikron” shtammi aniqlangani yo‘q, biroq bu xotirjamlikka berilish uchun asos bo‘la olmaydi. Negaki yangi shtamm Markaziy Osiyoga kirib keldi, bu haqda avvalroq habar bergan edik.

Jahondagi murakkab epidemiologik vaziyat O‘zbekiston aholisini ham ogohlikka chaqirish, fuqarolarimiz o‘rtasida ehtiyotkorlik susayib ketishining oldini olish zaruratini paydo qilmoqda

OTM talabalari, keyinchalik maktab o‘quvchilari uchun ham ta’til muddatining uzaytirilishi sababi ham shudir, ehtimol.

Nima bo‘lganda ham dunyodagi murakkab epidemiologik vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so‘rab qolamiz. O‘zingizni ehtiyot qiling!

Shahruza Sattorova