YPX inspektorlari koʻproq «protokol» tuzishga majburlanmoqda

Qashqadaryolik bir guruh YPX inspektorlari tomonidan murojaat yo‘llandi. Murojaat egalari shaxsini sir tutishimizni so‘rab, Qashqadaryo yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyatining ayrim xatti-harakatlari mehnat qonunchiligiga zid ekanini aytadi.

https://youtu.be/M-MUQcf0FQ4

«Inspektorlarga yarim tunda, navbatchilik qilish bilan birga uyma-uy yurib, qarzdorlik undirish vazifasi ham yuklanmoqda. Har birimiz bir kunda 20 ta bayyonoma tuzmasak, rahbariyat kech soat 23:00da «razbor» qiladi. Biz ham odam. Bizda ham oila bor. Uyimizga, bolalarimiz oldiga borgimiz keladi. Lekin qo‘yilgan yuklamalarni bajaraman deb uyga yarim tun soat 3 va 4 ta kirib kelamiz», – deydi inspektorlardan biri.

Ma’lum bo‘lishicha, topshiriqlar asosan Qashqadaryo viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahriddin Qo‘shoqov tomonidan beriladi. Uning qonunga zid ravishda bergan topshiriqlari audiosi mavjud.

«Biz Qashqadaryo viloyati YHXB bir guruh inspektorlari tomonidan murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Boshliq o‘rinbosari Sh. Qo‘shoqov bizni har kun «20 ta bayonnoma yozasan, mast haydovchi ushlaysan» deb yuklama qo‘yilmoqda.
O‘zingiz bilasiz, bizda alkotester yo‘q. Hozir pandemiya vaqti bo‘lsa, biror bir kasal yuqtirib olsak nima bo‘ladi? Mana hozir tungi soat 22:58 dam olish kuni, hali javob bo‘lgani yo‘q»,- deya qo‘shimcha qiladi yana bir inspektor.

«Prezidentimiz tomonidan berilayotgan 10% bayonnoma puli ham to‘xtatilib qo‘yilgan. Xizmat avtomashinalariga benzin berilmayapti. Rahbarlar uchun yoqilg‘i beriladi. Bizga yo‘q» ,- deydi ismini sir tutishini so‘ragan xodim.

Topshiriqlar audiosiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Shahriddin Qo‘shoqov viloyat prokurori rahbarligi ostida yig‘ilish o‘tkazilganini, jarimalar yig‘ish bo‘yicha YPX xodimlariga topshiriq bo‘lgani, ko‘proq bayonnoma rasmiylashtirish kerakligini aytadi.

Yana bir audioda esa uyma-uy yurib, qarzdorlikni yig‘ish vazifasi qo‘yiladi. Bundan tashqari, bir kunda 20 ta bayonnoma tuzmagan xodim jazolanishi eslatiladi.

Murojaat qilgan barcha inspektorlar o‘z shaxsini sir tutishimizni so‘rashdi. Ular bu qilingan murojaat tufayli rahbariyat tomonidan bosim va tahdid ostida qolishdan qo‘rqishmoqda.

Saytda mazkur rahbariyatning audio orqali berilgan barcha topshiriqlari ayni paytda mavjud. Ularni birma-bir e’lon qilib boramiz. Va bu holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligidan izoh kutamiz.