Tojikistonda 11$, Armanistonda 20$ Gruziyada 30$: PZR testlar bizda qanchaga tushadi?

Maʼlumki, mamlakatimizda Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun pullik laboratoriya xizmatlarini taqdim etish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlagan.

Ushbu tasdiqlangan tarif bo‘yicha, COVID-19ga tahlilni o‘tkazish qiymati 224 415 so‘mni yaʼni joriy vaqtdagi dollar kursi bo‘yicha 20 dollarni tashkil etadi. To‘lov terminal yoki bank to‘lov kvitansiyasi orqali amalga oshiriladi. Xizmat uchun naqd pul to‘lash taqiqlanadi.

Koronavirus bo‘yicha tekshiruv Novel Novel Coronavirus (2019-nCOV) Nucleic Acid Diagnostic Kit PZR (polimer zanjir reaksiyasi) tahlili uchun reagentlar jamlanmasi hamda Xitoyning Sansure Biotech kompaniyasi ishlab chiqargan RNK ekstraksiyasi uchun reagentlar jamlanmasi yordamida olib boriladi.

Shuningdek, xizmat narxini hisoblab chiqishda test o‘tkazadigan mutaxassislar — shifokor (3,47 million so‘m), laborant (2,2 million so‘m) va farroshning (1,43 million so‘m) oylik maoshlari hisobga olingan.

Tahlil uchun materiallar xarajati — 169 097 so‘m, ish vaqti qiymati — 2900 so‘m, ijtimoiy sug‘urta ajratmasi — 725 so‘m va 13 818 so‘mlik bilvosita xarajatlar bilan jami xizmat tannarxi 186 540 so‘mni tashkil etmoqda. Agentlik hisobiga o‘tadigan 20 foiz miqdoridagi rentabellik bilan har bir tahlil uchun 27 981 so‘m olinadi.

Foyda solig‘i (12 foiz) xizmat narxini yana 3358 so‘mga oshiradi. Yuqori tashkilotga 2 foizlik ajratma (6536 so‘m) bilan xizmat narxi jami 224 415 so‘mga yetadi.

Aynan ushbu masala bo‘yicha jahon davlatlari faoliyatiga ham nazar tashlab o‘tsak o‘rinli bo‘ladi. Xo‘sh, xususiy klinikalarda koronavirusga PZR testi qancha turadi?

Tojikistonda kovid uchun eng arzon tahlil atigi 11 dollarni tashkil qiladi. Eng qimmat tadqiqot xarajatlari Ozarbayjon va Moldovada – mos ravishda 38 va 46 dollar. Aksariyat respublikalarda PZR testi 20 dollar turadi.

Ko‘pgina Hamdo‘stlik mamlakatlaridagi davlat klinikalarida koronavirus testini bepul o‘tkazish mumkin.

COVID-19 uchun PZR testining narxi:

TOJIKISTON — 11 dollar
ARMANISTON — 20 dollar
BELARUS — 20 dollar
QOZOGISTON — 20 dollar
QIRG‘IZISTON — 20 dollar
ROSSIYA — 20 dollar
Gruziya — 30 dollar
AZARBAYJON — 38 dollar
MOLDOVA — 46 dollarni tashil etadi.