“Toshkent shahri kasallik xavfida birinchi, emlashda oxirgi oʻrinda”—Aziz Abduhakimov

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov raisligida OAV xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekistonda COVID-19 xavfi yana kuchaya boshlagani, aholi oʻrtasida vaksina olish sust borayotgani, targʻibot-tushuntirish ishlari yetarli emasligi xususida soʻz yuritildi. Vaksina olishga koʻproq jalb etish haqida takliflar bildirildi.

A.Abduhakimov emlangan fuqarolar oʻrtasida bonusli oʻyinlar tashkil etilishi mumkinligi haqida aytib oʻtdi. Ammo ayni paytda mazkur tashabbus yuzasidan biror aniq reja bor-yoʻqligi xususida maʼlumot berilmadi.

Vaksina olishni targʻib qilish nega kerak?

Vazirning soʻzlariga koʻra, koronavirusning omikron shtammi 30-40 barobar tez tarqaladi. Ushbu shtamm asosan vaksina olmaganlarni qiyin ahvolga solib qoʻyadi. Bunda eng ojiz manzil Toshkent shahri. Chunki hozirgacha poytaxtning vaksina olishi mumkin boʻlgan aholisining 50 foiz qismi ham vaksinaning hech bir dozasini olmagan.

Emlanganlik darajasini 90 foizgacha koʻtarish uchun takliflar bildiringlar, deb murojaat qildi A.Abdhakimov. Bu oʻrinda turli maʼqul takliflar bildirildi, baʼzilari keskin noroziliklarga uchradi, baʼzilari hatto “eshitilmadi”.

Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev ayrim biznes egalariga vaksina jarayonlarida faollik koʻrsatsa, ularni reklama qilib berish kerakligini aytdi. Buni vazir tezda oʻrganib chiqishni buyurdi.

Vaksina olganlik sertifikati borlarga davlat xizmatlari koʻrsatishda imtiyozlar qoʻllash, misol uchun, haydovchilik guvohnomasi almashtirishda chegirmalar berish, hatto 100 ming soʻmdan mukofot berish kerakligi haqidagi takliflar ham aytib oʻtildi. Vazir bu masalada “byudjetni yaxshilab oʻrganish”, kerakligini maʼlum qildi.

Takliflar qatorida yana bir qator imtiyozlar berish ham bor edi. Tagʻin tibbiyot xodimlari vaksina haqida yetarlicha maʼlumotga ega emasligi aytib oʻtildi. Bu gaplarni barcha yigʻilishdagilar tasdiqladi. Ular endi uyma-uy yurib, targʻibot ishlari olib borishadi.

Oshxona, kafe, restoranlarga emlanmaganlar kiritilmasligi mumkin. QR kod olinsagina ruxsat beriladi.

Aholi transportlari harakatiga qoʻshimcha qatnovlar kerakligi, aholi gavjumligining oldini olish haqida ham aytib oʻtildi.

Endi bir gap. Hozirgacha omikron shtammi kimda aniqlangani ochiq aytilmadi. Hokimlar, amaldorlar yoppasiga chet elga dam olgani ketgan edi. Shunda ular orqali bizga yangi shtamm “yetib” kelmasmikan ishqilib?.. Yoki amaldorlar dam olishdan kelganlaridan soʻng yana 14 kun “karantin”da boʻlisharmikan…