Qizil xavf chirogʻi: SSV tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi

Maʼlumki, CoVID-19 virusining «Omicron» shtammi yurtimizda allaqachon aniqlangan. Shu bilan birgalikda, epidemiologik vaziyat kun sayin jiddiylashib bormoqda.
Butun dunyo pandemiyaning navbatma-navbat bostirib kelayotgan toʻlqinlari ostida qolmoqda.
Shunday vaziyatda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi yurtimizda faoliyat yuritadigan tadbirkorlarga joriy yilning 20 yanvariga qadar oʻz qoʻl ostidagi xodimlarining emlanishini taʼminlashini soʻrab chiqdi.
Murojaatda nafaqat xodimlarning emlanishini tashkil etish, shu bilan birga, emlanmagan mulozimlarning ishga kelishlariga yoʻl qoʻymaslikka chaqirilgan. Faqatgina emlashga qarshi tibbiy koʻrsatmasi boʻlgan fuqarolar bundan mustasnodir.
Shu bilan birgalikda, vaksinatsiya jarayonini jadal kechishini taʼminlash uchun yanvar, fevral, mart oylarida emlangan fuqarolar oʻrtasida lotereya oʻyini ham tashkil etiladi. Unga qimmatbaho sovrinlar va bosh sovrin sifatida avtomobil qoʻyilgan.
Maʼlumot uchun, emlash mutlaqo bepul boʻlib, yigirma nafardan ortiq emlanuvchisi bor tashkilotlarga sayyor emlash brigadalari jalb etilishi ham koʻzda tutilgan.
Shuni unutmaslik kerakki, baʼzi jarayonlarni butunlay bartaraf etib boʻlmaydi. Aksincha, unga moslashish va koʻnikish kerak. Bugungi kunda vaksina olish ana shu moslashuvning eng maqbul yoʻli boʻlib qolmoqda! Oʻzingiz va yaqinlaringizni asrang. Emlashni esa, kechiktirmang.

Kamoliddin Abduaziz oʻgʻli