Bundan 23 yil avval O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida hukumatning 1998 yildagi faoliyati hisobotiga bag‘ishlangan va davlat rahbari Islom Karimov ishtirok etishi rejalashtirilgan yig‘ilishda
sodir etilgan ilk portlash ko‘pgina aholing yodida qolgan bo‘lishi, shubhasiz.
Bu portlashlardan keyin xavfsizlikni saqlash idoralari, ichki ishlar va o‘t o‘chirish xizmatlari voqea joylariga yetib kelishib va o‘z burchlarini fidokorona ado etishga kirishgani maʼlum.
Toshkentning turli hududlarida, jumladan, Mustaqillik maydoni, Ichki ishlar vazirligi va Milliy bank binolari yonida 6 ta kuchli portlashlar ro‘y bergan. O‘zbekiston tarixiga yozilgan o‘sha qonli kunda 16 ta inson halok bo‘lgan, yuzlab insonlar yaralangan.
Garchi oradan shuncha vaqt o‘tsa-da, Toshkentdagi 16 fevral portlashlarida ishtirok etgan 55 yoshli shaxs ushlanganligi haqida xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
«O‘zbekiston hududida terroristik jinoyatlarni sodir etganligi uchun 23 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan U.S. xorijda ushlanib, O‘zbekistonga olib kelindi”, deyiladi xabarda.
Xususan, 1967 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan “U.S.” 1998 yilda Chechenistonda jangovar tayyorgarlikdan o‘tib, 1999 yilning 16 fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etadi va o‘sha yilning mart oyida aylanma yo‘llar orqali xorijga chiqib ketadi.
Bundan tashqari, “U.S.” iordaniyalik Amir Xattob tomonidan Chechenistonda tashkil etilgan jangarilarni tayyorlash lagerlariga “Turkiston islom harakati” xalqaro terroristik tashkilotining O‘zbekistondan bo‘lgan aʼzolarini jo‘natish bilan ham shug‘ullangan.
Taʼkidlash lozimki, “U.S.” 2001 yilning noyabr oyida boshqa shaxsning nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar asosida MDHga aʼzo davlatlardan birining fuqaroligini olib, o‘sha mamlakat hududida yashirinib yurgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda olib borgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida “U.S.” hibsga olindi.
Hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oradan shuncha vaqt o‘tdi, vafot etganlarning yaqinlari ayriliqqa ko‘nikishdi, barbod etilgan binolar tiklandi, jabrlanganlar sog‘aydi, ehtimol bu voqea kimlar uchundir unut bo‘lib ham ketgandir… Biroq qachon, qayerda, qanday vaziyatda bo‘lmasin jinoyat uchun jazo muqarrar. Endi ayblanuvchi fuqaro shuncha vaqt vatangadolikda, tutqunlikda yashagan bo‘lsa, qolgan umrini esa panjara ortida o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.