Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilish davomida davlatimiz rahbari faol islohotlar, tadbirkorlikni rivojlantirish va mahallabay ishlash boshlangani natijasida, o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot 7,4 foizga o‘sganini qayd etib o‘tdi.
Hududlarda 100 mingta yangi tadbirkor ish boshladi. O‘zini o‘zi band qilganlar soni 700 mingga ko‘payib, 1,2 millionga yetdi.
“Mahallabay” ishlash tizimi orqali “temir daftar”dagi 583 ming ehtiyojmand oila doimiy daromad bilan taʼminlandi.
«2022 yilni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb eʼlon qildik. Shu bois, bu yil barcha mahallalarda tub o‘zgarishlar yili bo‘lishi kerak», dedi Prezident.
Shuningdek, yig‘ilishda “mahallabay” ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinmoqda.
Jumladan, yangi yildan 9 ming 309 nafar hokim yordamchilari ish boshladi va ularga ko‘mak berish uchun vazirliklardan 300 nafar rahbar-xodimlar xizmat safariga yuborildi.
Ushbu tizimga masʼul bo‘lgan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyati tashkil etilib, barcha masalalar yechib berildi.
Endilikda hokim yordamchilari, eng avvalo, ishlash imkoniyati va xohishi bor, lekin sharoiti og‘ir oilalarni o‘qitish va o‘z ishini boshlashi uchun imtiyozli kredit, subsidiya yoki dehqon xo‘jaligi uchun ularga yer maydonlari ajratish masalalari bilan shug‘ullanadi.
Hokim yordamchilari aholi bilan har kuni ishlab, odamlarga davlat tomonidan yaratilgan moliyaviy imkoniyatlarni yetkazishi, tadbirkorlikka va dehqonchilikka o‘rgatish orqali ularni kambag‘allikdan chiqarishi lozim.
Bu maqsadlar uchun joriy yilda 10 trillion so‘m imtiyozli kredit va 2,5 trillion so‘m subsidiya ajratiladi (har bir mahallaga o‘rtacha 1,3 milliard so‘m).
«Hokim yordamchilari – Prezidentning mahalladagi vakillari hisoblanadi» deya taʼkidlab o‘tdi Shavkat Mirziyoyev
«Ularning asosiy vazifasi – o‘z mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rni yaratish, kambag‘allikni qisqartirish va oilalar daromadini ko‘paytirishdan iborat.
Buning uchun, hokim yordamchilari har qanday byurokratiyadan xoli bo‘lishi, hech qaysi hokim yoki rahbar ularni majlislarga chaqirmasligi, turli hisobotlar bilan “ko‘mib tashlamasligi” lozim.
Hokimlar ular uchun faqat sharoit yaratib berishi kerak», dedi davlatimiz rahbari yig‘ilishda.
Prezident aholi murojaatlari orqali joylardagi vaziyatni o‘rganib, mahallalar qiyofasi va ijtimoiy muhitini yaxshilash vazifasini qo‘ydi.
Bu ishlarni, avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli nisbatan og‘ir bo‘lgan mahallalardan boshlash kerakligi, ulardagi yo‘llarni shag‘allashtirish, simyog‘ochlarni almashtirish, ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va taʼmirlash lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, ushbu hududlarda ijtimoiy muhit, bog‘cha, maktab, shifoxona sharoitlarini yaxshilash, bir so‘z bilan aytganda, odamlarni rozi qilishga ustuvor ahamiyat berish muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilishda 6 millionga yaqin doimiy va mavsumiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha rejalar ham ko‘rib chiqildi.
Ayni paytda mutasaddilar yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan hisobot bermoqda.