“Bagʻritosh onamni koʻrmadingizmi?”

Ijtimoiy tarmoqlarda katta bir tadbirkorning mehribonlik uyidan 9 bolani asrab olgani xaqida xabarlar yashin tezligida tarqaldi.

Otasiga rahmat, koʻp va xoʻb yaxshi ish qilibdi.

Boburiyzoda malikalarda juda mashhur bir anʼana boʻlgani haqida tarix kitoblarida oʻqiganmiz. Yaʼni, bu malikalar oʻz hayotlari mobaynida hind yurtida zoru nochor oilalarda yashaydigan 500 nafardan qizga oʻzlari kuyov topib, sepi bilan, izzati bilan uzatgan ekanlar.

Bugun ham dunyoda podishohlar kammi? Ularning rafiqalari, oilalari, oʻgʻil-qiz va kuyovlari uchun koʻp ibratli misol.

Lekin, hamma narsada meʼyor boʻlgani durust. Hatto, mehrda ham.

Hech yoʻq, bunday xabarlarni koʻpam ommalashtirmagan maʼqul.

Kasbimiz taqozosi bilan, bir paytlar mehribonlik uylari faoliyatini yaqindan oʻrganishimizga toʻgʻri kelgan. Gazetamizda oʻsha oʻrganishlar mahsuli boʻlgan tahliliy maqola ham eʼlon qilingan edi.

Oʻshanda ota-onasi hayot, soppa-sogʻ boʻla turib, bolalar uyida yashayotgan oʻgʻil-qizlarning koʻpligidan hayratga tushganman. Dam olish kunlari ota-onalar hech nimadan tap tortmay, bexijolat dilbandlarining oldiga kelib, bir-ikki soat gaplashib ketishardi.

Manzara baʼzan shunday boʻlardiki, uni koʻrib, tosh yuraklar ham ezilardi. Qarang, bola mehribonlik uyining etagida, ota yoki ona undan bir qadamgina narida turib suhbatlashishar, faqat… oralarini baland va mustahkam qilib oʻrnatilgan temir panjara ajratib turardi, xolos. Bolasi bilan xayrlashayotib, uni yetimxona panjarasining narigi tomonidan turib bagʻriga bosishni tasavvur qilib koʻring…

Shunda anglaganmanki, mehribonlik uylaridagi shart-sharoit, imkoniyat, muhit ehtiyojmandlik, chorasizlik koʻchasiga kirib qolgan ayrim oilalarni qoʻya turing, uncha buncha daromadi yetarli oilalardagidan ham yaxshiroq ekan. Va ayrim ota-onalar ongli ravishda qaror qilib, bolalarini shu muruvvat oshiyoniga tashlab ketishar ekan.

Bolam shu yerda turatursa, har xolda usti but, qorni toʻq boʻladi. Davlat bir amallab oʻqitib, hunarlik ham qiladi, omadi chopsa ikki-uch xonali uyli ham boʻlvoladi, deydigan ota-onalar bor. Ancha koʻp.

Tadbirkor akamizning himmati va bunday xabarlarning keng yoyinlanishi farzand tuqqan va tugʻdirganlar orasida bunday fikrga keluvchilar safini chandon orttiradi, nazarimda.

Nima boʻlgan taqdirda ham, chorasizlik chorrahasida yoʻl tomolmay ikkilanib turgan oilalar koʻp. Ular uchun farzandining kelajagini oʻylab, dilbandini mehribonlik uyiga yetaklab borish eng yaxshi yechim boʻlib qolmasligi kerak. Shekspir aytgandek, shudir masala!

Gʻayrat Sheraliyev