Andijon viloyati Asaka tumanida fuqaro Majburiy ijro byurosi xodimini haqorat qilib, unga pichoq bilan jarohat yetkazdi. Bu haqda MIB Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudining 2021 yilning 21 oktyabridagi ijro varaqasiga ko‘ra, Asaka tumani Najmiddin Kubro ko‘chasida joylashgan avtoshohbekatning yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan kutish hududida qarzdor A.J tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurib olingan savdo do‘koni qurilmasi uning hisobidan majburiy tartibda buzdirilishi belgilangan.
Mazkur sud qarori ijrosi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan sud hujjati talabini bajarish haqida qarzdor bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, qonuniy talablarni bajarmagan. 22 dekabr kuni o‘tkazilgan majburiy ijro harakatlarida qarzdor fuqaro ishtirok etmagani sabab boshqa kunga qoldirilgan.
Sud qarori ijrosini ixtiyoriy bajarmaganligi uchun 2021 yilning 25 dekabr kuni A.J.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-1-moddasi (qarzdorning ijro hujjatini ijro etmasligi)ga asosan 540 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Shundan so‘ng joriy yilning 11 yanvarida noqonuniy qurilmani buzish uchun vakolatli idoralar vakillari ishtirokida majburiy ijro harakatlari o‘tkazilgan. Ijro harakatlari davomida qarzdorning o‘g‘li S.J. do‘konda bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan taraflarni qo‘rqitib, davlat ijrochisi X.Mehmonovga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda majburiy ijro harakatlari boshqa kunga qoldirilgan.
Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasiga ko‘ra, qarshilik ko‘rsatish, ya’ni xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish jinoyati sodir qilgan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida davlat idoralari va fuqarolar o‘rtasida vujudga kelayotgan nizoli vaziyatlar, qonun buzilish holatlari xususidagi yangiliklarga tez-tez ko‘zimiz tushmoqda. Ushbu muammoli holatlarining salmog‘i aholi orasida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning hujjatlarini ijro etish, undiruvni mol-mulkka qaratish yuzasidan huquqiy ong lozim darajada shakllanmaganidan dalolat beradi.
O‘z haq-huquqlarimizni talab qilar ekanmiz, tanganing ikki tomonini ham unutsaslik lozim. Huquq bor joyda majburiyatlar ham mavjud bo‘ladi. Xususan, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini belgilangan muddatda va maqbul usullarda bajarish, majburiyatlarni lozim darajada ijro etish, davlat ijrochilarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslik va shu kabi boshqa majburiyatlar qonun bilan qarzdor zimmasiga yuklatiladi. Sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishdan bo‘yin tovlaganlik uchun O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida javobgarlik belgilangan.
Shunday ekan barcha fuqarolarni qonunlarga og‘ishmay rioya qilishlarini so‘raymiz.
Shaxruza Sattorova