«Bir million dasturchi» loyihasi sizlarga trali-vali emas, janoblar!
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida Samarqand viloyatida oʻtkazilgan tanlov gʻoliblariga berilgan eski noutbuklar mavzusi eʼtirozli muhokamalarga sabab boʻlib turibdi. Garchi tanlov gʻoliblari qayta chaqirilib, ularga yangi noutbuklar topshirilgan boʻlsa-da, muhokamalar toʻxtagani yoʻq. Hali-veri tinmasa ham kerak, chunki eʼtirozli munosabat bildirmaslikning iloji yoʻq bu holatga.
Hammasi Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi Nurbuloq mahallasida yashovchi Sardor Sattorovning Telegramdagi chiqishidan soʻng boshlandi. Sardor videomurojaatida oʻzini 41-maktabning 8-sinfida oʻqishini, «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida oʻtkazilgan IT-tanlovning «Full-Stack» yoʻnalishida tuman va viloyat bochqichlarida qatnashib, 1-oʻrinni qoʻlga kiritgani haqida gapirgan. «Birinchi darajali diplom oʻrniga 3-darajali diplom yozib qoʻyibmiz, deb uzr soʻrashdi, – deydi u. – Uyga kelib noutbukni ochib koʻrsak, ishlatilgan noutbuk ekan. Orqasida, 2-maktab A.Abdumurodova, deb yozib qoʻyilgan, juda ham eski, ilovalaridagi telegram kanalidan bu noutbuk Joʻraqulov Sherzod ismli oʻqituvchiga tegishli ekanligini bilib oldim..» «Eskisini berguncha bitta kitob bilan diplom berib qoʻysa boʻlmasmidi… Shunchalik ham nomardlik boʻladimi?.. Bu nima sharmandachilik… Bolamning shashtini sindirdi…», – eʼtirozini bildiradi Sardorning otasi…
Darhaqiqat, juda sharmandali holat. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi barcha qayta-qayta taʼkidlayapti. Afsuslanarlisi, eski noutbuk faqatgina Sardorga «tushib» qolmagan ekan, tanlovning barcha gʻoliblari shu tarzda «siylangan». Men, ha endi birorta nafsi buzuq oʻqituvchi tashkilotchilar koʻzini shamgʻalat qilib, bilsa hazil, bilmasa chin, qabilida noutbukni almashtirib qoʻygandirda, degan gumonga borgandim…
Jurnalist Husan Karvonli oʻzining Feysbuk va Telegram kanallaridagi postlari orqali bu holat «shunchaki anglashilmovchilik» emasligiga oydinlik kiritadi: «Bu yigitcha Nurobod tumanidagi 15-maktab oʻquvchisi Ogʻabek Sobirov, – deb yozadi jurnalist Ogʻabekning suratini ulashib. – Hamqishlogʻim. «Bir million dasturchi» tanlovi tuman bosqichida «Android ilovalar» yoʻnalishida 1-oʻrinni olgan. Inshoolloh, hali millionta noutbukning pulini ishlaydi. Lekin birinchi qatnashgan tanlovida 1-oʻrinni olganida eski noutbuk berishgani hech esidan chiqmasa kerak!»
Demak, anglashiladiki, tanlovning barcha gʻoliblariga eski noutbuklar berilgan va bu ongli ravishda qilingan. Tarmoq foydalanuvchisi Urol Boyqobilov taʼrifi bilan aytganda: «Hey, bir olis qishloqdan kelgan bola-da… unga eskisi ham boʻlaveradi» – deya oʻylashganda, bundan holat maorif va maʼnaviyat tizimida tez-tez uchrab turadi. Eng yomoni, ular yosh iqtidorlarni sindirib, «oʻzlarinikini» koʻkka koʻtarishadi. Oqibati esa oʻzingizga maʼlum…»
Sardor Sattorovning murojaatidan keyin darrov mutasaddilar tekshiruvni boshlashadi, aybdorlar uzr soʻrab chiqadi, deb oʻylagandim. Afsuski, ancha sust harakat qilindi. Bu orada Samarqandga borgan bir guruh blogerlar Sardorni topishib, unga yap-yangi noutbuk sovgʻa qilishga ham ulgurishdi…
Toʻgʻri, shu voqealardan soʻng tuman bosqichida tanlovning uchta yoʻnalishida 1-oʻrinni olgan bolalarga viloyat hokimligi tomonidan yangi noutbuklar berilibdi. Nurobod tumani hokimi oʻrinbosari esa hayfsan bilan qutulibdi. Ammo ikkinchi va uchinchi oʻrinni olgan bolalarchi?
Yana karvonli.uz Telegram kanaliga yuzlanamiz: «BOʻLDIMI? TUGADIMI? Uch yoʻnalishda 1-oʻrinni olgan bolalarga yangi noutbuk berildi.
Tuman hokimi oʻrinbosari hayfsan oldi.
Tuman XTB shoʻba boshligʻi ishdan boʻshatildi.
Boʻldimi?
Yoʻq! Hali chalasi bor ekan. 2 va 3-oʻrinlarni olgan bolalarga imzo va muhr qoʻyilmagan, imloviy xatolari gʻij-gʻij diplom berilgan.
Eng yomoni – ularga berilgan sovgʻalar qaytarib olingan!»
H.Karvonli birozdan soʻng tanlovda 3-oʻrinni olgan Nurdum qishlogʻidagi 35-maktabning 9-sinf oʻquvchisi Ozodbek Gʻaniyevning audioxabarini joylaydi. Audioxabarda Ozodbek uchinchi oʻrin uchun unga Redmi telefoni va diplom sovgʻa qilingani, lekin suratga tushishganidan soʻng oʻsha telefonni qaytarib olishgani, diplomda imzo ham, muhr ham yoʻqligi, tagʻin oʻsha diplom uchun yigirma ming talab qilishgani, tuman hokimligi mudiri bu hokimlikning buyrugʻi degani haqida gapirgan. Bu yigit ham keyin barcha gʻoliblar kabi tuman markaziga chaqirilgan, ammo natijasi hozircha nomaʼlum…
Xurshid Gʻoziyev, Samarqand viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boʻlim boshligʻining «Yoshlar» telekanali muxbiriga bergan javobi hammasidan oshib tushdi: «Bolaga agar tarbiya bermoqchi boʻlsak, biz bunaqa yoʻnalishni tanlamasligimiz kerak. Har bir ota-onagayam tavsiyam, boshqa jurnalist va blogerlargayam tavsiyam, bolaga ertaga oʻzingni haqingni talab qil, mana bunaqa ishlarni amalga oshir emas, yaxshi-yaxshi yoʻllarni oʻrgatsak, bollar ertaga, kelajakda oʻzining oʻrnini topib ketadi. Lekin bunaqa yoʻl bilan haqini ajratib olishni oʻrgatishni men toʻgʻri deb oʻylamayman».
Muxbir taʼkidlaganidek, bolaga haqni haq deb tarbiya berishi kerak boʻlgan pedagoglardan bu gapni eshitish… Yumshoq qilib aytganda, achinarli.
Birinchidan, hech kim bu bolalarga shunday qilib haqingni talab qilib chiq, deb oʻrgatgani yoʻq. Ular oʻzlari ongli ravishda murojaat qilishdi. Chunki ular «ay-ti»chilar, AKT imkoniyatlarini juda yaxshi bilishadi, taʼsir doirasini ham. Ikkinchidan, bu kabi qingʻirliklarga bugun indamasak, ertaga battar gazak olib ketishi mumkin. Vaqtida toʻgʻrilanmagan xatoning oqibati yomon boʻlishini pedagoglar yaxshi bilishi kerak.
Fikrdan fikr tugʻiladi, deganlaridek, Feysbukdagi izohimga Shaxlo Kodirova nikli foydalanuvchidan shunday javob keldi: «Qarshi shahrida hattoki konkurs boʻladi deb oʻquvchilarni yigʻib, televidiniyaga videoga olib, keyin oʻtkazilmay qaytarib yuborishdi, sovgʻalarni oʻzlari olishganmi?» Soʻng isbot sifatida 2021 yilning 23 dekabrida Feysbukning «Xalq nazorati» cahifasida ulashgan postini ilova qildi. «Qashqadaryo hokimi yoki oʻrinbosarlari muammoni oʻrganishga harakat ham qilishmadi» sarlavhali ushbu postda oʻtgan yilning 18 dekabrida Qarshi shahrida oʻtgazilgan IT-tanlovidagi yuzakiliklar haqida bong urgan. Postni ozroq tahrirlagan holda havola qilaman:
«Yolgʻondan oʻtkazilgan «Yosh dasturchilar» tanloviga gʻoliblarni qanday aniqlashadi va hokimiyat sovgʻalarini kimga berishadi yoki sovgʻalarni berishlari ham yolgʻonmi?
Hurmatli Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov, iltimos, yoshlarimizni sinishiga yoʻl qoʻymang, bugun maktab oʻquvchilarini Informatika fanidan olimpiadalarga qatnashgan, kompyuter sohasiga qiziqqan oʻquvchilarni «Yosh dasturchilar» tanlovi boʻladi deb olib borib «Oʻzbekiston 24» kanaliga jonli efir qilib, maqtab koʻrsatib, keyin esa 18 yoshga toʻlganlar qatnashadi, deyishibdi, vaholanki, maktab oʻquvchilari hali 18ga kirishmagan, keyin kimning noutbuki boʻlsa, oʻsha qatnashadi, deb alohida xonaga olib kirib, «bizga hokimiyat topshiriq berdi, gʻoliblarni aniqlashimiz kerak, proyektlariz boʻlsa qoldirib ketinglar» deb javob berib yuborishibdi… Tanlovda (tayyor) kompyuterlar tberilmaydimi yoki avvalroq shartlar eʼlon qilinmaydimi? Oʻgʻlim ketgan vaqtiga achinib (qaytib) keldi. Olimpiadada birinchi oʻrinni olgan oʻquvchilarni hatto oddiy kichkina sovgʻa bilan ragʻbatlantirishmadi, nohaqliklarni oʻz koʻzi bilan koʻrib, ikkinchi qatnashmayman, deb ketishdi oʻquvchilar. Endi esa masxarabozlarcha televidiniye uchun tanlov oʻtkazildi deb koʻrsatib, rasm tushirib, jonli efir qilib yolgʻondan tanlov oʻtkazildi deb gʻoliblarni aniqlab hokimiyat SOVGʻAsini berishmoqchi emish…
Qarshida dasturlash boʻyicha oʻqituvchilar yetishmaydi, talantli oʻquvchilarni esa yolgʻonlar sindirmoqda… Iltimos sovgʻangiz ham kerakmas, iqtidorli yosh dasturchilarimizni sindirmanglar…»
Demak, noutbuk mashmashasi, umuman, bu tanlov tegrasida boʻlayotgan oʻyinlar faqat Samarqandda emas…
Muhokamalarda ayrimlar aybni faqat oʻqituvchilarga qoʻymaslikni taʼkidlashgan.
ABDUGʻOFUR SHERXOLOV: «Eski noutbuk» voqeasi xalq taʼlimi boshqaruvi tizimlarining moliyaviy mustaqil emasligi bilan bogʻliq.
Bechora oʻqituvchi nima qilsin? Xalq taʼlimi muassasalari oʻquvchilari (hatto oʻqituvchilar oʻrtasida ham) oʻrtasida nima koʻp, tanlov koʻp? Boshqarma boshliqlari, boʻlim mudirlari gʻolib va sovrindorlarni ragʻbatlantirish masalasida hokimlik, moliya idoralarining «himmati»ga mahtal. Tanlovlarga respublikadan ajratilgan mablagʻlar ham toʻgʻridan-toʻgʻri XTB idoralariga kelib tushmaydi, oʻrtada «qaroqchi»lar bor…», deb yozsa, «Oʻqituvchilar zimmasiga yuklangani sabab shu holat boʻlgan deyishyapti», deb izoh qoldirgan Nazarov Dilshod.
Ham Samarqand, ham Qarshidagi voqealarni solishtirsak, bu loyihaga koʻproq kim, qaysi tashkilot masʼul ekanligini bilishimiz qiyin emas.
…Yaqinda Telegram kanalida bir odam toʻydan berilgan erkaklar koʻylagini koʻrsatib kuyukkandi. Roʻmolchaday keladigan koʻylak, faqat yoqasi bor, xolos. Ammo juda bejirim qogʻoz qutiga joylangan edi. Xalq tilida bunaqa koʻylaklar «sarson sarpo» deyiladi. Hech kim kiymaydi, lekin toʻyma-toʻy «yurib» kimningdir koʻnglini «oladi». Bunga koʻpchilik taajjublanmaydi, xotinlarning ishida, deb qoʻyaqolamiz. Samarqanddagi yangi qutiga joylangan eski noutbuk ham xuddi shunga oʻxshaydi. Ammo…
Ammo «Bir millionchi dasturchi» («One million uzbek coders») loyihasi «xotinlar ishi» emas, bu davlat ahamiyatiga ega loyiha! Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va IT-Park tomonidan «Dubai Future Foundation» bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bu loyihaga katta mablagʻ tikilgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan ushbu loyihadan koʻzlangan maqsad juda ulkan: qisqa vaqt ichida minglab, millionlab oʻzbek dasturchilarini yetishtirish va yoshlarning oʻzini oʻzi band qilishlarini taʼminlash, qolaversa, jahonga yuksak intellektual IT-mutaxassislarni yetkazib berish. Bu qora mehnat bilan emas, aql bilan pul topish degani.
Shunday ekan, hurmatli mutasaddilar, izlanayotgan, gʻoyalarini hayotga tatbiq qilayotgan farzandlarimiz shashtini sindirmaylik. Noutbukka moliyaviy ahvolingiz tanglik qilsa, rostini ayting, otaxon aytganidek, bitta kitob ham beraqoling. Bolalar begʻubor, sizni toʻgʻri tushunishadi. Lekin… qingʻirlikni ham esdan chiqarishmaydi!
Usmonjon Yoʻldoshev,
jurnalist