Bankomatlar orqali pul yechishdagi foizlar banklarining ochkoʻzligi tufayli emas!— MB raisi Mamarizo Nurmuratov

Bankomatlar bozorining kengayishi va raqobat bankomatdan naqd pul yechish komissiyalarini pasayib borishiga zamin yaratadi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov Uzaga bergan intervyusida maʼlum qilgan.

“Mazkur holatda kommissiyaning yuqoriligi juda toʻgʻri, yaʼni plastik kartani naqd pulga aylantirganda 1 foiz olinadi. Ayrim masalalarda elektron hamyonlar bilan ishlaydigan boʻlsak, ikki-uch foizdan olinadi. Bank oʻzining mijozidan ham kommissiya olish masalasi boʻyicha ishlayapmiz. Hali oʻzimiz koʻzlagan natijaga erishganimiz yoʻq. Komissiyalarni raqobat muhitida shakllanishiga sharoit yaratib berishimiz kerak. Bu boʻyicha banklarga qishloq joylarida bankomatlar sonini keskin koʻpaytirish boʻyicha topshirik berdim.

Nega oʻzbek banklarida mijozlar hatto oʻz bankining kartasidan ham pul yechishda komissiya mavjud, oʻylab koʻraylik.

Birinchidan, banklar aʼzo boʻlgan protsessing markazlari komissiyalari mavjud va komissiyalar sezilarli darajada yuqori. Uni bekor qilish yoki pasaytirish banklar ixtiyorida emas. Ikkinchidan, rivojlangan mamlakatlarda naqd pulning manfiy narxi boʻlsa, bizda uning narxi musbatligicha qolmoqda. Iqtisodiyotimizning hozirgi ahvoli, naqdsiz toʻlovlar infratuzilmasi, serxarajat inkassatsiya, naqd pul fetishizmi unga boʻlgan talabni yuqori darajada qolayotganini belgilamoqda. Buni ham inkor etib boʻlmaydi.

Uchinchidan, oʻzbek banklari bankomat bozoriga oxirgi 3-4 yilda faol kirishni boshladi. Yaʼni bozorga kirishning dastlabki xarajatlari rivojlangan va bankomat bozori allaqachon shakllangan hududlarga nisbatan yuqori. Bankomatlar sotib olish va joylashtirish oʻzbek banklari asosiy fond xarajatlarining eng sezilarli nuqtasi boʻlib qolmoqda.

Bu bilan bankomatlardan naqd pul yechishning amaldagi komissiyalarini oqlamoqchi emasman. Lekin oʻzbek banklarining ochkoʻzligi tufayli komissiyalar mavjud, degan fikrdan yiroqman.

Bozorning kengayishi va raqobat bankomatdan naqd pul yechish komissiyalarini pasayib borishiga zamin yaratadi. Bunga vaqt kerak, lekin agar shoshilib bunga maʼmuriy taʼsir koʻrsatmoqchi boʻlinsa, zararli natijalarga olib keladi. Eng asosiysi, bozorda tekin, bepul narsa boʻlmaydi. Regulyator bankomatdagi naqd pul tannarxini 0,65 foiz atrofida ekanini maʼlum qildi (bu oʻrtacha, ayrim hududlarda tannarx 1 foizdan ziyod).

Kimdir buning uchun toʻlashi kerak. Masalan, sizning xohishlaringiz uchun regulyator ertagayoq direktiv tarzda bankomat komissiyalarini nol qildirishga kuchi yetadi. Lekin buning oqibatida yoki banklar bankomat biznesini toʻxtatadi yo bankomat xarajatlarini boshqa mahsulot narxiga qoʻshib yuborishga majbur boʻladi. Oqibatda baribir isteʼmolchi toʻlaydi.

Eslang, 2017 yilgacha bankomatlardan naqd pul yechish bepul edi, bankomatlarda naqd pul bormidi oʻshanda? Men bunga ishonaman, yaqin 2-3 yilda bankomatlar komissiyalarini pasayishiga va hatto oʻz bankining bankomatidan bepul naqdlik yechishga yetib boramiz”,—deydi u.