O‘zbekistonning Korrupsiyani qabul qilish indeksidagi o‘rni yaxshilandi

Transparency International xalqaro tashkiloti 2021 yil uchun «Korrupsiyani qabul qilish indeksi»ning yangilangan reytingini e’lon qildi, deb yozadi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 2020 yilga nisbatan 6 pog‘onaga ko‘tarilib, 180 mamlakat orasida 140-o‘rinni egallagan.

Burhonovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston mazkur indeksda so‘nggi besh yil davomida barqaror o‘sish (2016 yilda 21 balldan 2021 yilda 28 ballgacha) qayd etib, mintaqadagi tez sur’atlarda yaxshilanib borayotgan davlatlar qatorida e’tirof etilgan.

«Bunday barqaror o‘sishga erishish zamirida, albatta, mustahkam siyosiy iroda, muhim o‘zgarishlar va real islohotlarning amalga oshirilayotgani yotibdi», — deb yozadi u.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining qayd etishicha, bugun davlat organlarining moliyaviy va boshqa turdagi faoliyatlari ochiqligi ta’minlanmoqda, ular faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatilgan, davlat xizmatiga ishga qabul qilishning oshkora mexanizmlari yo‘lga qo‘yilmoqda, yer uchastkalari, davlat aktivlari va boshqa turdagi mol-mulklar har qanday fuqaro qatnashishi mumkin bo‘lgan onlayn auksionlarda realizasiya qilinmoqda, aholiga 150 dan ziyod davlat xizmatlari byurokratiya va inson omilisiz ko‘rsatilyapti.

«Eng asosiysi — bugun fuqarolar, keng jamoatchilikda korrupsiya illatiga nisbatan toqatsiz munosabat shakllanmoqda. Korrupsiyaviy xatti-harakatlar OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining doimiy diqqat markazida turibdi. Albatta, mamlakatimizning mazkur reytingdagi o‘rni maqtanarli darajada emas. Hali oldinda qilinishi kerak bo‘lgan juda ko‘p ishlar turibdi», — deya ta’kidlaydi Akmal Burhonov.

Agentlik direktori yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirish, davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini ochiqlash, barcha munosabatlarda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish holatlariga chek qo‘yish, korrupsiya jinoyatlari uchun keskin jazo choralarini qo‘llash, davlat xizmatchilari faoliyatiga halollik standartlarini singdirish, aholining korrupsiyaga qarshi bilimlarini oshirib borish kabi maqsadlarni oldinda qilishini kerak bo‘lgan ishlar qatoriga kiritgan.