Oʻzbekistonda 1 yanvardan 25 yanvargacha is gazi bilan bogʻliq 16 ta holatda 28 kishi vafot etdi va 9 kishi zaharlandi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan FVV, IIV, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida aytib oʻtildi.
Rasman bildirilishicha, 2021 yilda is gazi bilan bogʻliq jami 74 ta holat aniqlangan. Ularda 67 kishi zaharlangan va 128 kishi oʻlgan.
Oʻtgan yili Favqulodda vaziyatlar vazirligi 2021 yilning yanvaridan 15 dekabriga qadar is gazidan 125 kishi halok boʻlgani va 115 kishi jarohatlangani haqida bildirgan edi.
Bu 2020 yilning 15 dekabrigacha boʻlgan koʻrsatkichdan ancha koʻpdir. Jumladan, 2020 yilning 16 dekabrida oʻtgan yigʻilishda prezident Shavkat Mirziyoyev bir yilda 56 ta is gazidan zaharlanish va 106 ta chaqnash holati oqibatida 106 nafar fuqaro vafot etgani, 190 nafari zaharlangani va kuyish tan jarohatini olganini taʼkidlagan.
Qayd etilishicha, yongʻinlarning 30 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 23 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 20 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi, 9 foizi bolalar shoʻxligi oqibatida, 8 foizi chekishdagi ehtiyotsizlik, 3 foizi gaz jihozlaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, shuningdek, 16 tasi havo va gaz aralashmasining chaqnashi natijasida sodir boʻlgan.