Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan va Andijon viloyatlari bo‘yicha Boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda katta miqdordagi chet el valyutasini noqonuniy ravishda xorijga chiqarish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Xususan, tadbir davomida Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanining chegaraoldi hududida yashovchi, 1990 y.t. mahalliy fuqaro boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshirilganda, uning salon qismida 968 ming 900 AQSH dollari borligi ma’lum bo‘ldi va prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, ushbu tumandagi yog‘och bozori hududida uni kutib turgan, 1964 y.t., muqaddam sudlangan jinoiy sherigi ham ushlanib, uning «Damas» avtomashinasi salonida bo‘lgan 672 ming 206 AQSH dollari ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tib, yashayotgan ushbu jinoiy guruh yetakchisi, qirg‘izistonlik 1974 y.t. shaxs Toshkent shahrida hamda guruh a’zolari bo‘lmish 5 nafar Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolari Andijon shahrida qo‘lga olindi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida jami 1 mln. 641 ming 106 AQSH dollarining mamlakatimizdan noqonuniy olib chiqib ketilishiga chek qo‘yildi.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 182-moddasining 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.