Kasal bo’lish yarashmaydi (feleton)


Oyning oʻn beshi qorongʻu, oʻn beshi yorugʻ deyishadi. Oylikni oldim, yorugʻ kunlar keldi deb turganimda, boshimning tinimsiz ogʻrishini koʻring. Kuniga 12 soat ishlagandan keyin mening boshim ogʻrimay, sizniki ogʻrisinmi.

Anchadan beri oylik chiqishini kutayotgandim oʻzi, shifokorga uchramasam boʻlmaydi. Och boʻl, yalangʻoch boʻl, sogʻ boʻl deb oʻzimni yupatmoqchi boʻlaman-u, hali toʻlanmagan ijara haqi, tugagan kartoshka-yu, piyozlarni oʻylab, hisobni boshlab yuboraman. Ijara haqiga oyligimning yarmi ketadi, bir kg kartoshka toʻrt ming boʻlsa, bir oy uchun ellik ming, kilosi bir yarim mingdan oʻn besh ming piyoz, yigirma ming yogʻga, boshqa mayda-chuydalar uchun yana ellik ming ajratsam, jami ikki yuz.

Avtobus,metro uchun ATTO karta – sakson toʻrt ming, aksiga olib bu oyda boshliqning tugʻilgan kuni bor, unga ham hech boʻlmasa yuz ming asrab qoʻyish kerak.Shunda menda uch yuz qolyapti, agar shuning yarmini shifokor qabuli va dorilar uchun sarflasam, yana bir yuz ellik ming bor. Ortiqcha chiqim boʻlmasa, bitta yangi koʻylak ham olishim mumkin. O, hayot naqadar goʻzal!

Shu xayollar bilan zavqim oshib, shifoxonaga otlandim. Taksida borgan yaxshiroq, avtobus shovqin, oʻzi ikki kundan buyon qulogʻim ostidagi tovushlar tinmayotgan boʻlsa, deb oʻylaganimda, chuchvarani xom sanagan ekanman.

Boshqa kunlari 10-15 mingga rozi boʻladigan haydovchilar dam olish kuni boʻlgani uchun 30 mingni ham pisand qilmayapti. Agar shu narx bilan olti-etti marta biror joyga borib keladigan boʻlsam, oylik ham qulogʻini ushlab ketadi-ku!Na iloj, ot aylanib qozigʻini topadi, yana kunim avtobusga qoldi.

Xullas, manzilga yetib keldim. Mana oʻsha shifoxona. Kiraverishda eski, shaldiragan tez yordam mashinalari tizilib turibdi. Eshik oldida bir kishi qoʻlingizga antiseptik sepyapti (hoynahoy sodali suv boʻlsa kerak, sepgach qoʻlingiz shira boʻlib qoladi).

Ishxonadagi Toshtemir zoʻr berib maqtagan nevropotolog Qoʻziboy Qoʻchqorovga uchrashishim kerak.Shifokor eshigi oldidagi yoʻlak odamlar bilan liq toʻla. Tavba, shunchalik ham navbat koʻp boʻladimi? Oʻzbekistonda sogʻ odam qolganmi oʻzi?

Huv, anavi, qoʻllari asabiy titrab, koʻp chekkanidan boʻlsa kerak tishlari sargʻayib ketgan cho-dan keyin men kiraman.Hamshira chiqib, “Adolat opa kirsin ekan, kecha navbatga yozilib qoʻyipti”, deb qoldi. Mendan kamida bir soatlar keyin kelgan Adolat opamiz lapanglab navbatsiz kirib ketdi. Ichimda “adolatning ahvoli shu boʻlsa…” deb taajjublandim.

Chamasi uch soatlardan keyin ichkari kirdim. Toʻrda gala qogʻozlar ichida shifokor oʻtiripti, qiziq, shifokor boʻlsa, buncha qogʻozlarni nima qilarkin-a? “Kimsan, nima darding bor?” deb qayrilib ham qaramaydiya.

Deraza yonida hamshira dam menga, dam shifokorga qarab qoʻyadi.

“Assalomu alaykum”, — dedim oxiri jimlik-
ni buzib. Qoʻziboy Qoʻchqorov burniga qistirilgan koʻzoynak tepasidan bir qarab qoʻydi-yu, asabiy gap boshladi:

— Keling, sizni nima bezovta qilyapti?
— Shu desangiz, uch-toʻrt kundan buyon boshim tinimsiz ogʻriydi, qulogʻim ostida guvillagan ovoz. Buning ustiga asabiy boʻlib qolganman.
— Tushunarli… Uyqu qalay?
— Uyqu yaxshi, ishdan keliboq yostiqqa boshim tegsa, yetarli.
— Qoʻlingiz titraydimi?
— Yoʻq.
— Ishtahangiz boʻgʻilib, koʻnglingiz tez-tez ayniydimi?
— Ishtaham joyida, koʻnglim ham aynimaydi.
— Tushunarli, sizda hammasi yaxshi. Nima uchun boshingiz tinimsiz ogʻrishini esa appa-ratga tushib kelganingizdan soʻng bilamiz.
Hamshira gapga aralashdi:
— 2-qavat, 12-xona, zudlik bilan borib, apparatga tushib keling!!!

Tomografiya deganlarining narxini eshitib, bu uskuna bu-tun yer yuzida bitta shu kasalxonada boʻlsa kerak, degan xayolga borasan, kishi. Nachora, yangi
koʻylakni keyingi oy kiyarman, bosh omon boʻlsa, doʻppi topiladi. 5 daqiqa ham ketmadi apparatga tushishimga, lekin uning pulini toʻlash uchun naq 19 kun ishlashim kerak ekan.

Tashxis qogʻozini koʻrgan Qoʻchqorov menga achinganday qarab qoʻydi.Nahotki oʻlsam? Yoʻq, boʻlishi mumkin emas, hech boʻlmaganda yana 27 kun yashashim kerak, ijara haqini oldindan toʻlab qoʻyganman, axir?!
“Shunchalik jiddiymi?” deb yubordim toʻsatdan, gap boshlangunicha ham sabrim chidamay.

— Nimalar deyapsiz, hammasi joyida, soppa sogʻsiz. Biroz asablaringiz toliqqan. Oʻzim ham shunday deb oʻylagandim. Hozir sizga bir-ikkita
tabletka yozib beraman, shularni ichsangiz, bosh ogʻrigʻi ham oʻtib ketadi.

Shaхruza Sattorova