“Suvoqchi buzsa, boʻyoqchi…” yoxud qoʻshib yozishlarni davlat rahbaridan ham yashirmaydigan masʼullar haqida

Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida «O‘zavtoyo‘l» rahbaridan daraxt ekish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida hisobot oldi.

O‘zbekiston 24 telekanalidagi «Menimcha» ko‘rsatuvida ko‘kalamzorlashtirish ishlari muhokamasi to‘g‘risida lavhalar e’lon qilindi. Unda Shavkat Mirziyoyevning «O‘zavtoyo‘l» rahbari Abdurahmon Abduvaliyevdan daraxt ekish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida so‘ragan.

«Balansimda 42 853 km yo‘l bor. Hozirgi kunda ikki, to‘rt qatorlik daraxt ekilgan 1 253 km yo‘l mavjud»,— dedi Abduvaliyev.

Shundan so‘ng Mirziyoyev bu hisob jami yo‘llarning necha foizini tashkil qiladi, deb so‘raganida «O‘zAvtoyo‘l» rahbari 10 foizni tashkil qiladi deb javob beradi.

Ko‘rsatkichlar bo‘yicha xatolikka yo‘l qo‘ygan rahbardan Prezident matematikani qayerda o‘qiganini so‘radi.

«Iye, matematikani qayerda o‘qigansan?», — deydi davlat rahbari.

Bundan tashqari davlat rahbari daraxt ekish masalasiga «beparvolik»ni tanqid qildi. Yunusobod tumani hokimi kuzgi daraxt ekish rejasini bajarmaganini ma’lum qildi.

«Yunusobod tumani kuz mavsumida 20 mingdan ziyod daraxt ko‘chatlarini ekish rejasini bor-yo‘g‘i 43 foizga bajargani uchun tuman hokimini ishdan oldik. Abdulla Nigmatovich (bosh vazir Abdulla Aripov — tahr.), qolganlarga ham baho bering. Kerak emas, yosh-yosh yigitlarni qo‘yamiz», — dedi davlat rahbari.

U, shuningdek, Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimov daraxt ekish bo‘yicha reja bajarilmagani uchun lavozimidan chetlashtirilganini aytdi.

«Yunusobod tumani kuz mavsumida 20 mingdan ziyod daraxt ko‘chatlarini ekish rejasini bor-yo‘g‘i 43 foizga bajargani uchun tuman hokimini ishdan oldik. Abdulla Nigmatovich (bosh vazir Abdulla Aripov — tahr.), qolganlarga ham baho bering. Kerak emas, yosh-yosh yigitlarni qo‘yamiz», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Jahongir Ibrohimovning iste’fosi boshqalar uchun ibrat bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Noyabrda «Yashil makon» umumilliy loyihasi qabul qilingan va uning doirasida 200 mln tup daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan edi. Prezident joylarda daraxt ekish borasidagi raqamlarga ishonmasligini ma’lum qildi.

«Har chiqishimda rasmiyatchilik, qo‘shib yozishlarni qilmaylik, deb aytardim. Lekin baribir, men bu raqamlarga ishonmayman. Bizda joylarda kasallik bor — «pripiska» qilishga. SSSRdan shuni o‘rganganmiz paxta «pripiskasi»ni. Bunda ham «pripiska» yo‘q ekan deb birov kafolat berolmaydi. Kimga kerak bu? Kimga ko‘z-ko‘z qilyapsizlar? Mengami? Menga kerak emas, men haqiqiy ahvolni juda yaxshi biladigan odamman. Ayniqsa Samarqand, Jizzax, Toshkentda nimaligini juda yaxshi bilaman», — dedi u.

Yolg‘on statistika,qo‘shib yozishlar bizga yangilik emas. Buning bir uchi tarixda turg‘unlik yillari, deb nom olgan zamonlarga borib taqaladi.

O‘sha vaqtlarda SSSR ga yoqish istagida amalga oshirilgan qo‘shib yozish kampaniyasi qancha odamning uyini kuydirib yuborganini ko‘rdik. Lekin xulosa yo‘q.

Qaytanga, mustaqillik yillarida bu fazilatimiz yanada gullab-yashnaganday.

“Bizda bir yilda shuncha ish o‘rni yaratildi”, “faloncha korxona ishga tushdi”, “ta’mir uchun falon so‘m ajratildi”, “falonta ko‘chat ekildi” kabi bo‘rttirib ko‘rsatishlar bizga qimmatga tushib kelmoqda.

Aytilgan vazifalar xo‘jako‘rsinga qilinib, mablag‘lar talon-taroj qilingach, boshqa nima ham qilishsin axir.