Jizzaxda yuk avtomobili yongani yuzasidan maʼlumot taqdim etildi


Avvalroq Jizzaxda yuk avtomobili yonib ketdi sarlavhali xabar bergandik. Bu haqda FVV matbuot xizmati qoʻshimcha maʼlumot taqdim qildi.

Bugun, 6-fevral kuni soat 18:28 da Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga «101» qisqa raqami orqali M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yoʻlining Jizzax viloyati SH.Rashidov tumani hududidan oʻtuvchi 977-kilometrida harakatlanib ketayotgan yuk mashinasida yongʻin sodir boʻlganligi toʻgʻrisida maʼlumot kelib tushdi.


Darhol aytilgan joyga yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari yuborildi. Dastlabki boʻlinmalar aytilgan manzilga soat 18:45 da yetib borishdi. Yuk avtomobilida koʻp miqdorda yengil alangalanuvchi va yonuvchi mahsulotlar (lak-boʻyoq) boʻlganligi sababli yongʻinni oʻchirishga qoʻshimcha kuch va vositalar jalb etildi. Ayni vaqtda yongʻin toʻliq bartaraf etilib, yongʻindan keyingi ishlar bajarilmoqda.


Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Hozirda yongʻin sababi va koʻrilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda, deyiladi xabarda.