Toshkentning ayrim koʻchalarida pullik «parkovka» lar tashkil etiladi

«Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2022 yilda 10 ta markaziy ko‘chalarda davlat-xususiy sheriklik asosida avtomobillarning avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylarini tashkil etiladi. Xususan, Fidokor, Amir Temur, Nukus, Bratislava, Mirobod, Glinka, Avliyoota, Shevchenko, Said Baraka, Moshtabib va Yakub Kolas ko‘chalarida.

Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda avtomobillarning avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylarini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Shuningdek, Toshkent shahrining magistral ko‘chalari, jumladan, Keles yo‘li, Ahmad Donish, Bog‘ishamol, Buyuk ipak yo‘li, Maxtumquli, Farg‘ona yo‘li, Lutfiy, Beshqayrag‘och, Ko‘kcha darvoza va Beruniy ko‘chalaridagi 11 ta avtobus yo‘nalishida alohida bo‘laklari tashkil etiladi. Bu ishlar 2026 yilga qadar amalga oshiriladi. Joriy yil oxirgi choragida faqat Ahmad Donish ko‘chasida alohida yo‘lak ishga tushiriladi.