Parlament migrantlarga oid yangi qonunni qabul qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun boʻlib oʻtayotgan majlisida dastlab “Tashqi mehnat migratsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni uchinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasida tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilanyapti. Sohada qoʻllanilib kelinayotgan tushunchalarning mazmun-mohiyati ochib berilmoqda.

Shuningdek, loyihada nazarda tutilayotgan normalar bilan uyushgan holda ishga joylashtiriladigan fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolarni reintegratsiya qilish tartibi tizimlashtiriladi. Bundan tashqari, qonun loyihasida koʻzda tutilayotgan normalar bilan mehnat migrantlariga muayyan imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilmoqda.

Deputatlar qonun loyihasining ahamiyatini, ikkinchi oʻqishda bildirilgan taklif-tavsiyalarning loyihada aks ettirilganligini alohida taʼkidlab, uni uchinchi oʻqishda qabul qilishdi.