So‘nggi kunlarda Ukrainadagi vaziyat tufayli turli mamlakatlar iqtisodiyoti, bank-moliya sohalarida bir qator muammolar yuzaga kelishi kutilmoqda. Jumladan, Yevropa, AQSH va boshqa bir qator rivojlangan davlatlari tomonidan Rossiyaga qo‘llayotgan sanksiyalari birinchi galda moliyaviy-iqtisodiy tangliklarni vujudga keltirishi, bu esa dunyoning istalgan mamlakati ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi turgan gap.
Mana shunday vaziyatda O‘zbekiston qanday yo‘l tutadi? Mamlakat iqtisodiyotiga, tashqi savdo aylanmaliga bo‘ladigan salbiy ta’sirlarning oldini olish uchun nima choralar ko‘riladi?
O‘zbekiston Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar berishicha Prezident Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan ayrim mamlakatlarda yuzaga kelayotgan vaziyatni hisobga olgan holda, vujudga kelishi mumkin bo‘lgan barcha salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha respublikamizning har bir tarmog‘i va hududi kesimida aniq chora-tadbirlarning batafsil Rejasini ishlab chiqishga topshiriq beribdi.
Moliya tizimining barqarorligi, korxonalarning uzluksiz ishlashi va rejalashtirilgan investisiya loyihalari o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash vazifalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tarmoq va hududlar rahbarlari oldiga transport-logistika tarmog‘ining ishonchli faoliyatini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish, bunda eksport geografiyasi yanada diversifikasiya qilinishini ham hisobga olish vazifasi qo‘yildi.
Viloyatlar hokimlariga aholini ijtimoiy himoya qilish ishlarini kuchaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ishsiz aholi bandligini ta’minlashni jadallashtirish, shuningdek, inflyasiya darajasini doimiy monitoring qilish va iste’mol bozorida narxlarning keskin tebranishlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha avvaldan chora ko‘rish zarurligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.