Bir o‘smir yigit bir olimning oldiga kelib so‘radi:
– Ustoz, sizday donishmand olim bo‘lish uchun nima qilishim kerak?
Donishmand javob bermadi. O‘spirin uning ortidan bir necha kun tinimsiz ergashib yurdi, savolini takrorlayverdi. Nihoyat olim unga “ortimdan yur!” degan ishora berdi-da, daryoga boshlab bordi. Suvga tushishdi. Shu payt donishmand o‘smirning yelkasidan qattiq tutib, suvga botirdi. Bola bechora qutilishga ming chiranmasin, uddasidan chiqolmadi. Ozroq vaqt o‘tgach, olim uni qo‘yib yubordi. O‘smir o‘pkasini to‘ldirib-to‘ldirib nafas oldi, bir ozdan so‘ng sal-pal o‘ziga keldi. Shunda ustoz so‘radi:
– Bolam, suvda dimiqib turgan payting eng ko‘p istagan narsang nima bo‘ldi?
– Havo! Faqat havoga yetishishni xohladim! – dedi o‘spirin hech ikkilanmay.
– Uning o‘rniga boylikmi, ko‘ngil ochishmi, kuch-qudrat yo sevgi-muhabbatmi istamadingmi? – deb so‘radi donishmand.
– Aslo yo‘q. Nafasim tugab, bo‘g‘riqib ketdim, faqat havo olishnigina istadim, xolos, – dedi o‘smir shosha-pisha.
– Olim bo‘lish uchun, bo‘talog‘im, – deb so‘zida davom etdi ustoz, – xuddi ana shunday xohish kerak. Sen boshqa maqsadlarni chetga surib, faqat shu yo‘lda harakat qilishing kerak. Bu maqsad kechayu kunduz xayolingni band etishi zarur. Agar olimlikka shunday g‘ayrat bilan intiladigan bo‘lsang, niyatingga albatta yetishasan.