Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 apreldagi “Navoiy viloyatining olis cho‘l tumanlarida aholini turmush darajasini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2925-sonli qarori talablarining ijrosi bo‘yicha viloyatning Uchquduq tumanida o‘rganish o‘tkazilgani xaqida xabar berdi.
Mazkur Qarorda olis cho‘l hududida kamida uch yildan ortiq yashagan shaxslar oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida qabul qilinishi belgilangan.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘rganishlar mobaynida esa Uchquduq tuman hokimining sobiq o‘rinbosari va boshqalar cho‘l hududida joylashgan “Yo‘lchilar”, “Ko‘kpatas” va “Ko‘kayaz” MFYlarida uch yil davomida yashamagan 33 nafar shaxsga ularning ushbu muddatda qayd etilgan mahallalarda yashaganligi to‘g‘risida soxta dalolatnomalar rasmiylashtirib berib, shundan 25 nafarini oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga kirishiga sababchi bo‘lgani aniqlandi.
Natijada davlat va fuqarolarning huquqlari, qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilgan. Shuningdek, ushbu talabalarning grant asosida o‘qishi uchun amalda 650 mln. so‘m byudjet mablag‘larining sarflanishiga sababchi bo‘lib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.
Agentlik tomonidan mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar hamda prokuratura idoralari o‘tkazgan qo‘shimcha o‘rganishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturaci tomonidan Uchquduq tuman hokimligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.