Rossiyaning yo’qotganlari topganlariga arziydimi?

Gʻarb davlatlari Rossiya bilan deyarli barcha sohalarda — tashqi siyosatdan tortib madaniyat va sportgacha bo‘lgan hamkorlikni to‘xtatishda davom etmoqda. Qaysi kompaniyalar va davlatlar Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy qilganini keltirib o‘tamiz.

Shu davrgacha Yevropa Ittifoqi, AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Yaponiya, Avstraliya, Shveysariya, Islandiya Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritishga rozi bo‘lgan.

Yangi Zelandiya esa yuzdan ortiq rossiyalik siyosatchilar, tadbirkorlar va ularning yaqinlarining mamlakatga kirishini taqiqladi. Sanksiya ro‘yxatiga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Bosh vazir Mixail Mishustin, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, FSB rahbari Aleksandr Bortnikov, Sberbank rahbari German Gref va RT bosh muharriri Margarita Simonyan kiritilgan.

Rossiya Prezidenti va uning atrofidagi shaxslarga nisbatan shaxsiy sanksiyalar AQSH, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Kanada va Yaponiya tomonidan kiritilgan edi.

Kiritilgan iqtisodiy sanksiyalardan eng jiddiyi Markaziy bankning xorijiy aktivlarini muzlatish bo‘ldi.

Xorijiy kompaniyalar ham o‘zining Rossiyadagi faoliyatini cheklashni davom ettirmoqda.

Fitch, IBM va Adidas ishlashdan to‘xtagan. Qurilish va xo‘jalik mollarini sotuvchi OBI xalqaro savdo do‘konlari tarmog‘i esa Rossiyadagi biznesini yopadi.

Shuningdek,Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi Rossiyaga smartfon va chiplar yetkazib berishni to‘xtatishga qaror qilgan. Dunyodagi geosiyosiy vaziyat tufayli kompaniyaning barcha mahsulotlarini Rossiyaga eksport qilish vaqtincha to‘xtatilgan.

Amerikaning Microsoft kompaniyasi Ukrainadagi urush sababli Rossiyada tovar va xizmatlar savdosini to‘xtatishga qaror qilgan.

Ta’kidlanishicha, Soca-Cola a va Danone Rossiya bozoridan chiqishlarini e’lon qilgan. Cartier zargarlik uyi 3 martdan boshlab Rossiyada tijorat faoliyati to‘xtatilganini ma’lum qilgan. U 24 fevral kuni Ukrainadagi faoliyatini to‘xtatgandi.

Bundan tashqari, Fransiyaning Louis Vuitton (6 martdan), Hermes (4 martdan) va Chanel moda uylari Rossiyadagi butiklarini vaqtincha yopgan.

Unilever ham Rossiyaga tovarlarini yetkazib berishni to‘xtatadi. Biroq kompaniya Rossiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarini bozorda qoldiradi

Ma’lumot uchun, Unilever kompaniyasi Dove, Knorr, Axe, Rexona, Domestos, Cif kabi brend mahsulotlarni ishlab chiqaradi,McDonald’s fast-fud tarmog‘i Rossiyadagi 850 ta restoranini vaqtincha yopadi.

Yangiliklar saytida «BBC», «CNN», «CBC», «ABC» va «Bloomberg» Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatganini e’lon qilgan. Bunga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 4 mart, juma kuni Qurolli kuchlar haqidagi yolg‘on ma’lumotni ishonchli xabarlar niqobi ostida tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilovchi qonunni imzolagani sabab bo‘lgan.

Avvalroq sanksiyalar bo‘yicha Rossiya rekord darajaga yetganini aytib o‘tgan edik.

Shaxruza Sattorova tayyorladi