Chumolilar inson tanasidagi saraton hujayralarini aniqlashi mumkin

Fransiya Milliy ilmiy tadqiqot markazi (CNRS) tomonidan o‘tkazilgan tajribaga ko‘ra, chumolilar odamlarda saraton kasalligini aniqlash qobiliyatiga ega. Hasharotlar saraton hujayralarini hidlab topa oladi, deb xabar bermoqda iScience.

Tadqiqotda Formica fusca (jigarrang o‘rmon chumolilari) turidagi chumolilar ishtirok etgan. Ma’lum bo‘lishicha, ularda hid bilish hissi juda yaxshi rivojlangan.

Laboratoriyada 36 chumoli inson saraton hujayralari namunalari bilan tanishtirilib, keyin bu hidga shakar eritmasining aromati qo‘shilgan.

Kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, tabiatda yashash uchun hid hissidan faol foydalanadigan hasharotlar bir necha daqiqa mashg‘ulotlardan so‘ng sog‘lom inson hujayralarini saraton hujayralaridan ajrata oladi.

Olimlarning tushuntirishicha, Formica fusca «saraton hujayralari tomonidan chiqarilgan uchuvchi organik birikmalarni aniqlay oladi». Ammo bu tajribaning birinchi turi edi. Uning ommaviy diagnostika istiqbollarini baholash uchun bir qator qo‘shimcha testlar talab qilinadi.

Ilgari shunga o‘xshash tajribalar itlar bilan o‘tkazilgan. Ammo itlar kerakli hidni tanib olishni o‘rganish uchun uzoq muddatli mashg‘ulotlarni talab qildi – bir necha oydan bir yilgacha.

Yangi tadqiqot mualliflari chumolilar bunday maqsadlar uchun qulayroq ekanini aytishdi. Ular «yuqori salohiyatga ega va tez o‘rganadilar». Bundan tashqari, ularni ko‘paytirish va o‘stirish osonroq. Kelajakda chumolilardan boshqa kasalliklarni (masalan, bezgak yoki diabet kabi) aniqlash yoki noqonuniy yoki portlovchi moddalarni qidirish uchun ham foydalanish mumkin, deya hisoblaydi olimlar.