Ayol ikki nafar farzandi bilan bedarak yo‘qolganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Avvalroq Rishton tumanida yashovchi fuqaro ikki nafar farzandi bilan bedarak yo‘qolganligi haqida bergan edik. Ayol ikki nafar farzandi bilan bedarak yo‘qolganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 21 fevral kuni fuqaro G.N. voyaga yetmagan farzandlari Sh.X. va I.X.lar bilan yashash xonadonidan noma’lum tomonga chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan.

Qidiruv tadbirlari davomida, ushbu kuni voyaga yetmagan Sh.X.ning murdasi Katta Farg‘ona kanalining Bag‘dod tumanidan oqib o‘tgan qismidan topilgan va tegishli ekspertizalar tayinlangan.

Mazkur holatda bedarak yo‘qolgan fuqarolarni qotillik qurboni bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, ushbu holatni kelgusida tergov yo‘li bilan tekshirib, aniqlik kiritish maqsadida joriy yilning 04 mart kuni Jinoyat kodeksning 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlarini o‘tkazish bilan bir qatorda, bedarak yo‘qolgan G.N. va uning bir nafar farzandini topish yuzasidan barcha tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.