10 mart kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi xonadonda eshak so‘yilgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, tuman IIB xodimlari tomonidan Paxtazor MFYda yashovchi fuqaro B.S.ning xonadoni ko‘zdan kechirilgan. U yerda bir bosh eshakni so‘yib, go‘shtini suyaklaridan ajratib qo‘ygani, hovlisida esa yana 24 bosh eshak borligi aniqlangan.
Fuqaroning yashash xonadonidagi xo‘jalik xonasida bo‘lgan 1 bosh eshakning lahm go‘shtlari tegishli tartibda viloyat IIB Karantin tadbirlarini ta’minlash bo‘linmasi, tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.
Go‘sht mahsulotlari laboratoriyada tekshirilganda iste’molga yaroqsiz bo‘lgan. Shu bilan birga, u xolislar ishtirokida yo‘q qilindi. Mazkur holat yuzasidan Koson tuman IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.