Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil ish stajiga ega fuqarolar tavsiyanoma asosida OTMga qabul qilinadi.
Mazkur tartib “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida belgilab qo‘yilmoqda.
Unga ko‘ra, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy maʼlumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlarni har yili Qo‘mita tavsiyanomalariga asosan davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.
Shuningdek, mazkur hujjat bilan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi hamda DTMga bir oy muddatda ushbu nazarda tutilgan alohida kvotalarni davlat oliy taʼlim muassasalari kesimida taqsimlash, xotin-qizlarga tavsiyalar berish, alohida test sinovlarini o‘tkazish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.