O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova 86 yoshda vafot etdi. Bu haqda O‘zbek milliy akademik drama teatri xabar berdi.
Ma’lumot uchun, To‘ti Yusupova 1936 yilning 10 mart kuni Samarqand viloyatida tavallud topgan. Toshkent teatr va rassomlik institutini tamomlagan. 1957 yildan o‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritgan. Shuningdek, aktrisa kinoda samarali faoliyat yuritgan.
Teatr sahnasida Hafiza (Abdulla Qahhor, «Shohi so‘zana»), Sonya (A.Chexov, «Vanya tog‘a»), Qorasoch (Uyg‘un, «Shubha»), Hojar (A.Qahhor, «Tobutdan tovush»), Nuri (Oybek, «Qutlug‘ qon»), Ona (E’ Robles, «O‘limdan kuchli»), Xonzoda (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), Shafaq (M. Karim, «Oy tutilgan tunda»), Rahima (O‘. Umarbekov, «Komissiya»), Sotti (S.Ahmad, «Kelinlar qo‘zg‘oloni»), Fotima, Zebi (O‘.Umarbekov, «Shoshma quyosh», «Qiyomat qarz»), Nodira (T.To‘la, «Nodira»), Mastura (Hamza, «Paranji sirlari») kabi turli qahramonlar obrazini yaratdi.
To‘ti Yusupova 1994 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonini olgan, 2020 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.