Yaponiyada 7,4 magnitudali zilzila oqibatida 90 dan ortiq kishi jabrlandi

Yaponiya shimoli-sharqida sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, yana 92 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Kiodo” agentligi mamlakat favqulodda xizmatlariga tayanib xabar qilmoqda.

Yaponiya yong‘in va tabiiy ofatlarni nazorat qilish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, payshanba kuni ertalab yettita prefekturada, jumladan, 7,4 magnitudali eng kuchli zilzilalar qayd etilgan Miyagi va Fukusimada 92 nafar kishi jabrlangani ma’lum.

Aomori prefekturasida zilzila natijasida tezyurar poyezd relsdan chiqib ketgan. Hozircha transport harakatini to‘liq tiklashning imkoni bo‘lmadi. Bundan tashqari, zilzila 2 milliondan ortiq xonadonda elektr ta’minotida uzilishlarga olib keldi.

Fukusima va Miyagi qirg‘oqlarida yashovchi yuzlab odamlar sunami xavfi tufayli vaqtincha boshpanalarga evakuasiya qilindi.

Yaponiyaning shimoli-sharqiy qismida zilzila mahalliy vaqt bilan 23:36 da yuz berdi. Zilzila episentri Fukusima prefekturasi qirg‘oqlari yaqinida 60 km chuqurlikda joylashgan. Yerosti silkinishlari Yaponiyaning sharqiy qismida sezildi.