Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Tashqi ishlar vazirligining 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Majlisda senatorlarning Ukrainadagi vaziyat, vatandoshlarimizni O‘zbekistonga olib kelish ishlari yuzasidan berilgan savoliga vazir Abdulaziz Komilov quyidagilarni ta’kidladi:
— Ukraina atrofidagi vaziyat O‘zbekistonda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. O‘zbekiston vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori. Buning uchun, birinchi navbatda, harbiy harakatlar, zo‘ravonliklar zudlik bilan to‘xtatilishi zarur.
O‘zbekiston tarixan ham Rossiya Federasiyasi bilan, ham Ukraina bilan an’anaviy ko‘p qirrali aloqalarga ega. Rossiya tashqi iqtisodiy faoliyatdagi yirik hamkorimiz hisoblanadi. Ukraina ham faol hamkor davlatlarimizdan biridir. Biz har ikki mamlakatlar bilan o‘z milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettiramiz.
O‘zbekiston Ukraina davlatining mustaqilligini, suverenitetini tan oladdi. Mamlakatimiz hech qanday bloklarga qo‘shilmaydi.
Rossiyaga qo‘llanilayotgan sanksiyalar O‘zbekistonga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Bu borada salbiy ta’sirlarni yumshatish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan choralar ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Ukrainadagi hamyurtlarimizni yurtimizga ko‘chirib olib kelish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Bunda Ukraina va Polsha davlatidagi elchixonalarimiz, ayniqsa, Polsha davlati Prezidenti tomonidan yordam berilmoqda.
Shu vaqtgacha Ukrainadagi vatandoshlarimizning 6 minga yaqini olib kelindi. Yana 300ga yaqini Ukrainada bo‘lib turibdi, ularni ham xavfsizligini ta’minlagan holda yurtimizga olib kelish choralari ko‘rilmoqda.
Ukrainadan vatandoshlarimizni olib kelish oson bo‘lgani yo‘q. Boshqa hudud orqali olib o‘tish masalasi turibdi. Har bir hududning o‘z xo‘jayinlari bo‘ladi. Ular bilan kelishish oson masala emas. Biz imkon qadar vatandoshlarimizni xavfsiz holda qaytarib olib kelishga harakat qilyapmiz.