Hukumat qaroriga binoan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona nizom tasdiqlandi
Nizomga ko‘ra, litsenziya olish talab qilinadigan 28 ta faoliyat (jumladan, nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarini asrash, turizm faoliyati, Xususiy bandlik agentliklarining O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyat, dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish va boshqa faoliyatlar) “Litsenziya” axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali litsenziyalanadi.
Talabgor litsenziya olish uchun ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarni “Litsenziya” AT yoki YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, har kuni 24 soat davomida elektron shaklda yuborishi mumkin bo’ladi.
Arizaga kiritilgan ma’lumotlar “Litsenziya” AT orqali idoralararo hamkorlik tizimlarida mavjud ma’lumotlar asosida dastlabki tarzda avtomatik ravishda taqqoslanadi va tekshiriladi.
Yig‘im to‘langanidan so‘ng ariza va unga ilova qilingan hujjatlar “Litsenziya” AT yoki YIDXP orqali avtomatik tarzda litsenziyalovchi organga yuboriladi.
Litsenziyalovchi organ litsenziya berish yoki uni rad etish haqidagi qarorni ‘Litsenziya AT» orqali talabgorga yuboradi.
Litsenziya berishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
litsenziya berilishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning talabgor tomonidan to‘liq taqdim etilmaganligi;
talabgorning litsenziya talablari va shartlariga muvofiq emasligi;
talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarning mavjudligi;
o‘rganishlar, tadqiqotlar, tekshirishlar yoki boshqa ilmiy va texnik baholashlarning yakunlari bo‘yicha asoslangan salbiy xulosa olinganligi.
Boshqa asoslarga ko‘ra, shu jumladan, litsenziya berish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan litsenziya berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur qaror 2022-yil 1-martdan e’tiboran kuchga kirdi.