Tafakkur vaqti: Yo‘lchi va ot

Bir otni o‘tloq yerga qo‘yib yuborgan edilar. Ot u o‘tloqdan o‘tlab, istagan yeriga chopib, sakrab o‘ynab yurardi. O‘tloqning oxiridagi chuqurroq bir yo‘ldan o‘tib ketayotgan yo‘lchilarni ot ora-sira tomosha qilardi.

Bola-chaqalariga oziq-ovqat olib ketish uchun qishloqdan shahar bozoriga borayotgan yaxshi qalbli bir odam o‘sha chuqurlik yo‘ldan o‘tayotganda, ot go‘yo salom bergan kabi uning yoniga «hi-hi» lab keldi. U odam ham to‘xtab otning yuz-ko‘zidan siypab, erkalab, yana yo‘lida davom etdi.

Bir ozdan keyin qattiq ko‘ngilli, qo‘pol tabiatli bir odam ham o‘sha yo‘ldan o‘tayotgan edi, ot «hi-hi» lab kishnab uning yoniga kela boshladi. Bu kishi bir tosh olib otga otdi, tosh otning boshiga tegib yaralandi. Bechora ot yaralangan boshini quyi solib qochib ketdi.

Bu ikki odam shahar bozoriga yetgan vaqtlarida sel quyib, chuqur yo‘l suv bilan to‘ldi. Yaxshi qalbli odam shahardan yumushini bitirib qishlog‘iga qaytarkan, o‘sha chuqurlik yoniga keldi, faqat qanday o‘tish kerak? Suv tizzagacha chiqqandi, yo suvga tushib hamma libosini shalabbo qilib o‘tish yoki suvning siljib oqib tamom bo‘lishini kutish kerak edi.

Suv ichiga tushib o‘tsa, tumov bo‘lib qolishi ham mumkin edi. Yaxshi qalbli kishi nima qilishini bilmay hayron bo‘lib turgandi, shu payt otning «hi-hi»lagan tovushini eshitib darhol uni yordamga chaqirdi. Ot ham o‘ziga yaxshi muomala qilgan bu odamning ovozini eshitib darhol yoniga keldi, uni ustiga mindirib suvdan o‘tkazib qo‘ydi. Yaxshi qalbli odam hech bir yeri ho‘l bo‘lmasdan suvdan o‘tib ketdi.

Shu vaqt otni tosh bilan urgan qo‘pol tabiatli odam ham kelib qoldi. Ot yaxshi qalbli odamni suvdan o‘tkazib qo‘yganini ko‘rib, bu ham uni yordamga chaqirdi. Ot bu odamni ham tanib yordam berishni istamadi. «Hi-hi»lab kishnab o‘tloqning bir tomoniga qochib ketdi. Qo‘pol tabiatli odam suvning oqib tamom bo‘lishini kutib u yerda qolib ketdi.