Respublikadagi 43 ta tuman va shahar hokimliklarining rasmiy veb-sayti ishlamaydi

Avval xabar berilganidek, bugun Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining jamoatchilik oldida doimiy hisobot berish instituti joriy etilib, ochiqlikni ta’minlash borasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, ayrim davlat organlari va tashkilotlari o‘z faoliyati ochiqligini ta’minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ymoqda.

Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har yili faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha erishgan asosiy yutuqlar hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida uchrayotgan kamchiliklar yuzasidan rasmiy veb-sayti orqali e’lon qilib borish vazifasi yuklatilgan bo‘lsa-da, bu ma’lumotlar e’lon qilinmagan.

Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda ularning davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga oid fikr-mulohazalari o‘rganilmagan, aholini tashvishga solayotgan dolzarb muammolarni qonuniy hal qilish maqsadida “Mening fikrim” veb-portali orqali muhokama qilish ishlari amalga oshirilmagan.

Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash borasidagi ishlar yetarli darajada muvofiqlashtirilmaganligi oqibatida ular tomonidan tegishli ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar portali (data.egov.uz) va o‘z rasmiy veb-saytlarga joylashtirilmagan.

Xususan, 135 ta davlat organlari va tashkilotlarining 2021 yil to‘rtinchi choragi bo‘yicha davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlari tahlili ko‘rsatganidek, ularning 80 tasi yoki 60 foizi ushbu ma’lumotlarni belgilangan resurslarga joylashtirmagan. Yoki xizmat safarlari va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari bo‘yicha hisobotlar 88 ta davlat organi va tashkiloti tomonidan o‘z vaqtida ochiqlanmagan.

– Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini berish bo‘yicha ochiq tanlov g‘oliblari to‘g‘risidagi ma’lumotlar vazirlik saytida e’lon qilinmagan, – dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov. – Madaniy meros agentligi tomonidan davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros ob’yektlari hududida tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun berilgan ruxsatnoma egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq e’lon qilinmagan. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan ov qilish taqiqlangan joylar, muayyan ov qilish joylarida ov qilish uchun taqiq belgilanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy yangilab borilmagani jamoatchilikning katta e’tiroziga sabab bo‘lgan. Respublikadagi 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 43 tasida rasmiy veb-sayti ishlamaydi.

Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xaridlari bilan bog‘liq ma’lumotlar, xarajatlar smetasi va uning ijrosi, xizmat safarlari va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, lisenziya va ruxsat etish uchun mas’ullar to‘g‘risida ma’lumot, yengil avtomobillar, xizmat uylari hamda boshqa zarur ma’lumotlarni jamoatchilikka to‘laqonli e’lon qilinmayotgani qayd etildi.

Majlisda Hukumatga davlat organlari va tashkilotlarining ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni o‘z muddatida e’lon qilmagan hamda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbarlari faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha vazifa qo‘yildi.