“Yama”lar yetkazgan zararni kim qoplaydi?

“Yama”lar yetkazgan zararni kim qoplaydi? Bu haqda huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev maʼlumot berdi.

Qariyb 1 oydan buyon davom etayotgan yomg‘irli ob-havo, o‘zi shundog‘am havas qilib bo‘lmaydigan avtomobil yo‘llaridagi asfalt qoplamalariga jiddiy shikast yetishiga sabab bo‘lmoqda. Yo‘llarda yurib bo‘lmay qoldi, hammayoq ilma-teshik bo‘lib ketdi.

Yo‘llarda paydo bo‘lgan chuqur (yama)lar transport vositalarining g‘ildiraklariga jiddiy shikast yetkazayotganiga ko‘zimiz tushyapti. Hatto ayrim vaziyatlarda yo‘lning nosozligi yo‘l-transport hodisalariga ham sabab bo‘lmoqda.

Ana shunday vaziyatlarda zarar ko‘rgan haydovchilar ko‘rilgan zararni undirib olishi mumkin. Albatta, bu juda oson ish emas, ammo qilsa bo‘ladi, qonuniy asosi bor.

“Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasiga ko‘ra, avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar avtomobil yo‘lidagi nosozliklar tufayli yetkazilgan zararni belgilangan tartibda undirib olish huquqiga ega.

Shu qonunning 25-moddasiga ko‘ra avtomobil yo‘llari qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarga avtomobil yo‘lidagi nosozliklar tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini belgilangan tartibda qoplashi shart.

Ma’lumot uchun, respublikaning barcha umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari qaysidir maxsus vakolatli organ ixtiyorida bo‘ladi. Bunda yo‘lning “egasi” 3 xil tashkilot bo‘lishi mumkin.

1) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari “O‘zavtoyo‘l” qo‘mitasi ixtiyorida;

2) shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari, xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari — mahalliy hokimliklar ixtiyorida;

3) xo‘jalik avtomobil yo‘llari tegishli tashkilotlar va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘ladi.

Obunachilarga tavsiyam, bordiyu Sizning avtomobilingiz ham yo‘ldagi «yama» ta’sirida shikastlangan bo‘lsa o‘sha yo‘lni balansida saqlovchi tashkilotni toping va zarar o‘rnini qoplab berishlarini talab qiling.

To‘g‘ri, o‘sha tashkilot darrov «taslim bo‘lmaydi», talabingizni rad etishi ehtimoli yuqori. Shunday bo‘lsa, yetarli dalillarni to‘plang va tegishli sudga murojaat qiling.