O‘zbekistonda hukumatning asosiy vazifasi makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish bo‘ladi. Bu haqda moliya vaziri Timur Ishmetov ma’lum qildi.
“Topshiriq olindiki, tasdiqlangan byudjet taqchilligini saqlab qolish, ya’ni ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik. Ish haqi, pensiya, nafaqalarni o‘z vaqtida to‘lab borish bo‘yicha choralar ko‘rish.
Soliq ma’murchiligiga oid barcha o‘zgarishlarni bir necha oyga yoki kelgusi yilga qoldirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Bu yo‘nalishda tadbirkorlik sub’yektlari bilan ish olib boriladi.
Markaziy bank tomonidan asosiy stavkani oshirish chorasi tashqi omillar ta’sirida vaqtinchalik instrument sifatida ko‘rilyapti. Bizda ikkita yirik dastur bor: ipoteka va ta’lim krediti.
Tijorat banklaridan ipoteka bo‘yicha 20 yilga, ta’lim krediti bo‘yicha 7 yilga resurslar davlat byudjetidan banklarga ajratiladi. Markaziy bank stavkasi bunga bog‘langan edi. Qonunchilik bo‘yicha resurslar uch foiz bandga va bankdan ajratilgan kreditlar ham uch foiz bandga oshishi kerak edi. Lekin yil oxirigacha bu chorani qo‘llamaslik topshirig‘i berildi”, — deydi moliya vaziri.