Surxondaryoda qurilayotgan IES 500 ming xonadonni elektr-energiyasi bilan ta’minlaydi

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Surxondaryo viloyati Angor tumanida yangi issiqlik elektr stantsiyasi qurilishiga bag’ishlangan muhim marosim bo’lib o’tdi.

Unda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bo‘lajak stansiyaning quvvati va samaradorligi haqida so‘zladi.

Germaniyaning «Siemens Energy», Fransiyaning «EDF» hamda Niderlandiyaning «Stone City Energy» kompaniyalari bilan hamkorlikda barpo etilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 200 million dollar bo’lib, uning natijasida 1 ming 560 megavatt quvvat yaratiladi va yiliga 12 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha doirasida eng zamonaviy texnologiyalar o’rnatilib yiliga 1 milliard kub metr gaz tejaladi.

Ushbu loyiha amalga oshgach Surxondaryo viloyatining 500 ming xonadoni elekt energiyasi bilan to’liq taminlanadi. Bundan tashqari qo’shni Afgʻoniston davlatiga ham kamida 3 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi eksport qilish imkoniyati paydo bo’ladi. Ushbu IES Surxondaryodagi birinchi, so’ngi yillarda barpo etilayotgan stantsiyalar orasida eng yirigi hisoblanadi.

«Biz oxirgi yillarda energetika sohasida katta islohotlarni amalga oshirib, sohani to‘liq transformasiya qilmoqdamiz. Jumladan, elektr ishlab chiqarishga ilk bor xususiy sektor ishtiroki uchun keng imkoniyatlar ochildi. So‘nggi uch yilda umumiy quvvati 1 ming Megavattdan ziyod bo‘lgan 5 ta elektr stansiyasi davlat-xususiy sheriklik asosida ishga tushirildi. Jalb etilgan xorijiy investisiyalar hajmi 1 milliard dollardan oshdi», – deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek mamalakatda umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo’lgan 19 ta elektr stantsiyalari qurilayotgani haqida ham so’z yuritildi.

Marosim so’ngida davlat rahbari investorlar bilan birgalikda ramziy tugmani bosib, IES qurilishini boshlab berdi. Mazkur stantsiya 2024-yilning oxirida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.