Yaqinda haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish boʻyicha Toshkent shahridagi yagona markaz 1 apreldan nazariy va amaliy test sinovlaridan oʻtish narxini oshirishi haqida xabar berildi. Xabarda yozilishicha, markaz ochilgan paytda belgilangan 100 ming soʻmdan 150 ming soʻmga (50 foizga) oshadi. Komil Allamjonov Toshkent imtihon markazidagi narx oshishiga sabablarni koʻrsatdi. «Bizga nisbatan biror fikr bildirishdan oldin yaxshilab oʻylab koʻrishingizni maslahat bergan boʻlar edim…»
K.Allamjonov Toshkent imtihon markazida narxlarning 50 foizga oshishiga asosiy sabablarni sanab oʻtdi. Yer soliqlari oshgani, valyuta kursi koʻtarilgani bunga sabab qilib koʻrsatilgan. Bularning barchasini oʻzining videomurojaatida aytib oʻtgan.
«Toshkent imtihon markazidagi narxlar oshirilishining asosiy sababi bu, markaz ochilishi uchun olingan kreditlar valyutada olingan, uni qaytarish kerak. Bundan tashqari imtihon markazidagi texnikalar hammasi chet eldan olib kelingan, ularning ham shartnomalari valyutada, bularning ham toʻlovini doim toʻlab turish kerak.
Shu bilan birgalikda soliqlar oshdi, soliqlar oshgani oqibatida yer, mol-mulk soligʻining oʻzi bir yilda bir milliarddan oshiqni tashkil qiladi. Yer soligʻining oʻzi ham 400 millionni tashkil etadi. Hammasi narxlarni oshirishimizning asosiy sabablaridan biri.
Bizning hisob-kitobimizga koʻra, markazimiz ochilguniga qadar Toshkent shahridagi imtihon markazlariga kuniga 400 ga yaqin odam kelgan boʻlsa, markaz ochilishi bilan avvaliga 50-60 ta keyingi oydan 150-170 kishi imtihon topshirish uchun kelyapti.
Qolganlar qayerga borib imtihon topshiryapti, qayerdan haydovchilik guvohnomasini olyapti biz buni bilmaymiz. Bizda Toshkent imtihon markaziga kelib bir marta imtihondan oʻta olmasdan, boshqa viloyatlarga borib imtihondan oʻtib prava olganlar haqida ham maʼlumotlar bor. Endi buni qanday amalga oshirilishi mumkinligini oʻzingiz xulosa qilib olavering», – deya taʼkidlagan K.Allamjonov.
Shu oʻrinda bir haqli savol tugʻiladi, sizning markazingiz soliqlari qariyb 1 mlrd. boʻlsa, yer soligʻining oʻzi 400 mln. soʻmni tashkil qilsa, siz qancha hududga egalik qilyapsiz? Nega hammasini biratoʻla ochiqlab yubormadingiz? TIM qancha hududga egalik qilishi aniq boʻlmaganidan keyin, soliqlar shaffofligiga odamlarni qanday ishontirish mumkin?..
Allamjonov videomurojaatida ayrim bloger va jamiyat faollari tomonidan unga nisbatan oʻrinsiz tanqidlar va tuhmatlar qilinayotgani haqida iddao qilib oʻtgan.
«Shuningdek ayrim blogerlar meni monopolist sifatida taʼkidlashga urinishmoqda, goʻyoki men monopolist sifatida qoplab pul qilayotgan odamdek tasvirlashga harkat qilishyapti.
Birinchidan, men monopolist emasman, bizning markaz ham monopol emas, chunki bu qaror ikki yil oldin qabul qilingan. 2 yil mobaynida hech kim bu tashkilotni ochmadi, endi biz buni qaror bilan ochib, hozircha yagona boʻlib turganimiz uchun biz monopol hisoblanmaymiz. Agar oldin ikki uchta ochib olib, keyin bu faoliyat bilan shugʻullanish kerak, deb aytilsa, bu umuman mantiqqa toʻgʻri kelmaydigan fikr. Kimdir birinchi boʻlishi kerakku, bizni birinchi boʻlganimiz bizni yakka monopol deyishga arzirli sabab boʻlib qolmaydi.
Qoplab pul qilish, faqat pul qilish uchun narxlarni oshirmoqda, degan fikrlar koʻp aytildi, aslida unday emas. Masalan, oldingi oyda hatto ish haqlarini toʻlashga pulimiz yetmadi. Hatto oylikka qoʻshimcha investitsiya hisobidan toʻlov qilishga majbur boʻldik. Ishonmasangiz keling, barcha hisob-kitoblar ochiq koʻrsatib beriladi.
Bizning oldimizga qoʻygan maqsadimiz yoʻldagi muammolarni kamaytirishmi, avariyalarni oldini olish, korrupsiyaning oldini olishmi yoki boʻlmasam monopol, qoplab pul qilyapti degan gaplar bilan kimningdir oyogʻiga bolta urishmi? Men oʻylaymanki asl maqsad sogʻlom boʻlishi kerak.
Aslida bu soha modernizatsiya qilinishga muhtoj. Mana shuncha yil davomida soha vakillari buni amalga oshirmadi, ular faqat pul qildi. Bu soha egalari buni rivojlantirishga hissa qoʻshmadi, bizga oʻxshab millionlab dollar pul tikilmadi. Bu sohadan turli noqonuniy yoʻllar bilan pul qilindi, endi esa hammaning tasavvurida bu sohaga kim qadam qoʻysa odamlar pul qilishda ayblanishi tabiiy.
Shu paytgacha imtihonlar faqat toʻrtta knopkali sovet davridan qolgan mashinkalarda oʻtkazilar edi. Biz shu sohaga yordam berib, 2012-2013 yillarda kompyuterlashtirildi, animatsion testlar joriy qilindi va 9 yil davomida biz shu ishlarning barchasini bepul amalga oshirib kelganmiz. Biz avtomaktablar sohasiga kirmagunimizcha tayinli bir kitob ham boʻlmagan, hamma oʻqituvchi istagan maʼlumotini olib, dars bergan. Qayerdan broshyuralar, eski kitoblar topib dars berishgan, chunki alal oqibat imtihonga pul yigʻib berilgan va shu zayilda harakat davom etib kelgan. Oʻsha paytlarda prava olganlarning barchasi buni juda yaxshi biladi. Bu yangilik emas, mana shuning oqibatida na bir dastur yangilangan, na bir kitob chiqarishga ishtiyoq boʻlgan. Buni hammasini biz qilib berdik, buni bizning jamoa va oʻsha paytdagi fidoiy domlalarimiz amalga oshirdi.
Aytmoqchi boʻlganim shu-ki, albatta narx oshishi yaxshi emas, biz ham buni juda yaxshi tushanamiz, bu narsa odamlarga yoqmasligini ham yaxshi bilamiz. Ming afsuski, bizning hozircha boshqa yoʻlimiz yoʻq.
Shu oʻrinda bir qiziq tomoni, biz narxlarni 150 ming soʻm emas, 2 mln. yoki 1 mln. qilamiz, oldingidek imtihondan oʻtmasdan, shundoq pravani olib ketasiz desak, aniq bilamanki hamma chopib keladi, hech kim indamagan, demak bu hammaga yoqar ekan. Lekin bunday boʻlmaydi, biz qattiq kirishganmiz.
Oldingi haftada aytib oʻtgandim, bir fuqaro imtihondan oʻta olmasdan koʻchaga chiqqanida 400 ming soʻmga sertifikat olib beraman deganiga ishonib pul bergan va aldanib qoldi. Hozirda IIBda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bizni xodimlarimizga 200, 300, 400 dollargacha pora taklif qilib, oʻz masalasini hal qilishga urinish holatlari roʻy berdi. Bularning barchasi koʻrsatib turibdiki, hamma qancha katta pul bersa ham osongina prava olib ketishga urinishmoqda. Biz bunga yoʻl qoʻymaymiz, oxirigacha kurashamiz.
Barcha notoʻgʻri talqinlar boʻlishi va tanqidlarni xursand boʻlib qarshi olamiz va tuhmatlarga qarshi kurashamiz. Bizga nisbatan biror fikr bildirishdan oldin yaxshilab oʻylab koʻrishingizni maslahat bergan boʻlar edim.
Siz haqiqatda xolis boʻlsangiz 2000 ga yaqin odamning 70 foiz qismi ham imtihondan oʻta olmagani haqida yozing. Viloyatlardagi hamon davom etib kelayotgan poraxoʻrlik va korrupsiya oqibatida prava olish holatlarini oʻrganing. Hali viloyatlarda bunaqa markazlar yoʻq. Bizga yetib kelgan maʼlumotlarga koʻra, hamon u yerlarda pul yigʻish holatlari roʻy bermoqda. Keling mana shunga qarshi birgalikda kurashaylik. Bir birimizga yordam beraylik», – deya qoʻshimcha qilgan K.Allamjonov.
Viloyatlarda va shu kabi imtihon markazlarida boʻlayotgan pul yigʻishlar oldindan bor, deya iddao qilayotgan odam oʻzi 9 yil oldin bu sohaga kirib kelganini iddao qilar ekan, nega bu masalani oldinroq koʻtarib chiqmadi? «Avtotest» monopoliyasi vaqtida majburan oʻqitilib, pul undirilgani, keyinchalik berilgan sertifikatlarini biror kishi soʻrab ham koʻrmagani, arzimas qogʻoz boʻlgani haqida K.Allamjonov unutgan boʻlsada, millionlab pul toʻlagan haydovchilar, «Avtotest»ga milliardlab mablagʻ oʻtkazgan korxona va tashkilotlar buni esdan chiqargani yoʻq hali. Shunday ekan, oʻsha odam bugun chiqib biz monopolist emasmiz deb turishiga qanchalik ishonish mumkin?
Oʻsha vaqtda oʻzi bu sohadan «soqqa» qilishni boshlab bergani barchaga ayon. Soha tepasidagilarning qilmishlaridan xabari bor ekan, davlat xizmatining katta lavozimlarida ishlab turganida shular haqida bong urmagan? Vaholanki, birgina axborot bilan sohada tekshiruv ishlari olib borilishiga erishish mumkin edi.
Bizda doim pozitsiya bir xil, oʻzidan oldingilarni ayblash va faqatgina oʻzi tomonidan qilinayotgan ishlarni olqishlash, «ulugʻ» bir jihatlarini koʻrsatishga urinish bor. K.Allamjonovning ham gaplaridan shuni anglash mumkin. Bugungi kunga kelib yoki ertaga bu sohani poraxoʻrlikdan tozalashni maqsad qilib qoʻyganmiz, deya aytilishi ham birmuncha balandparvoz ekani koʻrinib turibdi.
Yana bir gap. Bizda poraxoʻrlikni bartaraf etish emas, aksariyat hollarda oʻsha «oqim»ni oʻzi tomoniga burib olishga, burganda ham qonuniy qilib, «hujjatini toʻgʻrilab» burib olishga intilish tobora kuchayib borayotgandek. K.Allamjonov asos solgan Toshkent imtihon markazi faoliyatidan ham ana shuning isi kelyapti.