Pokiston bosh vaziri «uchdi»

Pokiston bosh vaziri Imron Xon mamlakat parlamenti tarqatib yuborilganidan keyin bosh vazirlik lavozimidan chetlashtirildi. Bu haqda «BBC» xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Imron Xon bu lavozimda bosh vazir tayinlangunga qadar faoliyat olib boradi.

«Pokiston prezidenti tomonidan Milliy Assambleyani tarqatib yuborilishi natijasida Imron Ahmad Xon Niyoziy Pokiston bosh vaziri lavozimidagi faoliyatini to‘xtatdi. U mamlakat konstitusiyasining 224-moddasi A bandiga muvofiq, muvaqqat bosh vazir tayinlangunga qadar bosh vazir bo‘lib qoladi», deyiladi Pokiston Vazirlar Mahkamasi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston bosh vaziriga suiqasd bilan tahdid qilingandi. Imron Xonning o‘zi AQSH mustaqil tashqi siyosat uchun uni ag‘darib tashlashga qaror qilganini aytgan.

«Amerikadan 7 mart kuni xat oldik. Mayli, qaysi davlatdan ekanini aytmaylik, xorijiy davlat edi. Bu elchimiz o‘sha davlat rasmiylari bilan uchrashuv chog‘ida olgan rasmiy hujjati bo‘lgan. Unda ‘agar Imron Xon ishonchsizlik votumi bo‘yicha ketsa, biz Pokistonni ayaymiz, aks holda, mamlakat salbiy oqibatlarga duch keladi’ deyilgan», — deydi Pokiston bosh vaziri.

O‘z navbatida, Oq uy matbuot kotibi Keyt Bedingfild matbuot brifingida bu da’volarni rad etgan.