Vazirlar Mahkamasi ayrim rahbarlarga jazo berdi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklari rahbarlariga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlisida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan shaxslarni “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish va qurilish sohasi malakali mutaxassislarini tayyorlash markazlarida kasbga va chet tillarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.

Ushbu masala yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Husanov) hamda Jizzax (E.Soliyev), Sirdaryo (Gʻ.Mirzayev) va Toshkent (Z.Mirzayev) viloyatlari hokimliklari rahbarlarining hisobotlari eshitildi, deb xabar berilmoqda “Yangi O‘zbekiston” gazetasining bugungi sonida e’lon qilingan xabarda.

Ta’kidlanishicha, hududlarda shunday markazlar tashkil etilib, zamonaviy jihozlar va zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Ularda ishsiz fuqarolarni kasb-hunar va chet tillarga bepul o‘qitish uchun grantlar ajratish, egallagan kasbi yoki o‘zlashtirgan chet tili bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirib, muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda imtihon xarajatlarini qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklari tomonidan mehnat migrantlarini kasb-hunar va chet tillarga o‘qitishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga qat’iy baho berilib, alohida rahbarlarga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Biroq vazirlik va hokimliklar qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani hamda qaysi rahbarga qanday aniq jazo qo‘llanilgani ochiqlanmagan.