Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti navbatdagi haftalik hisobotini e’lon qildi. Unda keltirilgan tahlillar o‘tgan haftada pandemiya biroz ortga chekinib, infeksiya asoratlari sezilarli darajada yumshaganini tasdiqlaydi.
Masalan, 28 martdan 3 aprelga qadar yer yuzida SOVID-19ni yuqtirganlar soni 10 million 351 nafarni tashkil etdi. Shundan 26 mingdan ziyod kishi xastalik tufayli hayotdan ko‘z yumgan.
JSSTning ma’lum qilishicha, bu o‘tgan haftada o‘lim ko‘rsatkichlari avvalgi haftaga nisbatan 43 foizga, infeksiyani yuqtirish holatlari esa 16 foizga kamayganini anglatadi.
O‘lim darajasi Janubi-Sharqiy Osiyoda ayniqsa, keskin pasaygan — 73 foiz. Shimoliy va Janubiy Amerikada ham ko‘rsatkichlar ijobiy — 63 foiz.
Kasallanishlar soni kamayishi esa barcha mintaqalarda qayd etildi. Xususan, Afrika qit’asida 19, Yevropa davlatlarida 16 va Gʻarbiy Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida 16 foiz pasayish kuzatildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xulosasiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi rivojlanishda davom etmoqda. Shunday ekan, kelgusida uning yangi variantlari paydo bo‘lishini istisno etib bo‘lmaydi.