O‘zbekistonda pensiyalarni naqd pulda yetkazib berish xizmatlari uchun bankka 1 foiz to‘lab berilishi haqida xabar berilgandi. Pensiya jamg‘armasi ushbu to‘lov bo‘yicha batafsil tushuntirish berdi.
1 maydan «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan fuqarolarga va oilalarga ko‘rsatiladigan moddiy yordamlar, mehnat organlari tomonidan to‘lanadigan ishsizlik nafaqasi va stipendiyalar hamda jazoni o‘tab ozodlikka chiqqanlarga beriladigan yordam pullari har oyning 5-sanasiga qadar moliyalashtiriladi. Shuningdek, pensiya va nafaqalar bilan bir vaqtda AT «Xalq banki»ning sayyor kassalari tomonidan mahallalarga yetkaziladi.
Jamg‘arma sayyor kassalar tomonidan pensiya va nafaqalar hamda moddiy yordam pullarini fuqarolarga naqd pulda yetkazib berish xizmatlari uchun 1 foiz miqdorda bankka xizmat haqi to‘lab beradi.
Shu bilan birga, barcha turdagi davlat pensiyalar va nafaqalarni bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilinishi aytilgan.
Masalan, fuqaro kartada oyiga 1 million so‘m pensiya olsa, unga qo‘shimcha qilib 1 foiz miqdorda to‘lab beriladi, ya’ni 1 million 10 ming so‘m, deyiladi xabarda.