Tafakkur vaqti: Kim baxtli?

Hassaga tayangan bir qariya yo‘lak bo‘ylab ohista ketayotgan edi. Shahar gavjum, odam ko‘p, hamma shoshgan.

Ro‘paradan kelayotgan bir yigitcha yo‘lak ancha keng bo‘lishiga qaramay, qariyani yelkasi bilan bir urib, shitob bilan o‘tib ketdi. Shunda qariya darrov ortga o‘girildi-da, yigitchaga so‘z qotdi.

Katta tezlikda ketayotgan yigitcha cholning burilib qaragani va nimadir deganini payqadi. Ammo nima gapligini aniq eshita olmadi. Chol ortidan so‘kib-qarg‘ab haqorat qilayotganday tuyuldi. Bu holdan achchig‘i chiqqan yigit tezda ortiga qaytib qariyaning oldiga bordi.

— Nima gap? Nima deb ming‘illayapsiz? Men buni atay qilganim yo‘q-ku! Shuning uchun odamning asabini buzish kerakmi?

— Men sizga faqatgina yaxshilik tilab duo qildim: “Baxtli bo‘ling”, dedim xolos.

Buni eshitib, yigitcha talmovsirab qoldi. O‘zini izzat-nafsi yerga urilganday his qildi va yana o‘dag‘aylay boshladi:

— Nima? Mening peshonamga “bu — baxtsiz odam” deb yozib qo‘yibdimi?

— Bilmasam, men peshonadagi taqdir bitigini o‘qiy olmayman — ko‘zlarim ancha xiralashib qolgan. Lekin hayotiy tajribamdan yaxshi bilanmanki, baxtli odam birovga aziyat yetkazmaydi.