2022 yilning 2 aprel kuni Fransiyaning “Chasse et Peche TV” telekanalining suratga olish guruhi baliq ovi va sayohat haqida “Globe-pecheurs en Uzbekistan” (Baliqchi-sayohatchilar O‘zbekistonda) hujjatli filmini suratga olish uchun O‘zbekistonga uchib kelishdi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, mashhur rejissyor Paskal Karron, shuningdek, jurnalist Bertran Devid va operator Erik Voringer O‘zbekistonga ikkinchi marta tashrif buyurib, hozirda suratga olish guruhi Navoiy va Jizzax viloyatlari hududida bo‘lib, Aydar-Arnasoy ko‘lida baliq ovi jarayonlarini suratga olishmoqda.
“Baliqchi-sayohatchilar” hujjatli filmi fransuz televideniyesidagi katta auditoriyaga ega bo‘lgan filmlardan biri hisoblanadi va u sayohatchi baliqchilarning sevimli teleko‘rsatuvlaridan biri sifatida tan olingan. Hujjatli filmni dunyo bo‘ylab 2 mlnga yaqin tomoshabin katta qiziqish bilan kuzatadi.
Qayd etilishicha, “Chasse et Peche TV” kanali M6 ning bir qismi bo‘lib, Metropole Television nomi bilan ham tanilgan. U fransuz tilida efirga chiquvchi dunyoda uchinchi eng mashhur televizion tarmoq sifatida – eng daromadli xususiy milliy telekanal hamdir.
Maʼlumot uchun, ushbu loyihani O‘zbekistonda suratga olish bo‘yicha ijodiy guruhning birinchi tashrifi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan 2021 yilning 27 iyunidan 5 iyuligacha tashkil etilgan edi. Unda ijodiy guruh Respublikaning Xorazm, Buxoro, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlarida bo‘lib, suratga olish jarayonlarini amalga oshirishgan.