(birinchi maqola)
London pishqirib oqayotgan daryoga oʻxshaydi. Men bu yerda vaqt tushunchasini barmoqlarim orasidan sizayotgan qumga oʻxshatyapman. Bu yerdagi hayot falsafasining naqadar soddaligi, qaynoqligi, joʻshqinligi, odamlar yuz-koʻzlaridagi quvonch va baxtiyorlik hissi kishida oʻzgacha taassurot uygʻotishi ham oʻzgacha. Qonunlarning soat millaridek bexato ishlashi-yu koʻchalaru hiyobonlardagi intizom, tartib, madaniyatning yuksakligi-yu insoniylikning ulugʻvorligiga chor-atrofdagi yashillik va tabiat hodisalari ham omixta boʻlib ketgandek, goʻyo!
Nufuzli universitetda tahsil olayotgan qizim va tutingan ukam Maʼrufjon, Londonni rosa aylantirishdi. Tafakkurimda yangi dunyo, yangi mezonlaru qarashlar kurtak ocha boshladi…
Shularni anglagan koʻyi, bugun mamlakatimdagi ishsizlik, qashshoqlikni, poraxoʻrlikni bartaraf etishga biron bir avtoritar rejimlar qodir emas ekan, degan toʻxtamga keldim.
Biz bugun qulogʻimizga yoqimli tuyulayotgan, balandparvoz yangrayotgan turkiy davlatlar tashkiloti ham bunga qodir emas. Chunki Turkiya boshchiligidagi bu mamlakatlarning barchasi tub islohotlarga muhtoj boʻlgan totalitar, avtoritar rejim davlatlaridir. Qani, shular ichida sanoati, iqtisodiyoti gullab yashnagan, odamlari toʻq va farovon yashayotgan birortasini koʻrsatib beringchi?
Yaqinda Turkiyaga qilgan safarim davomida mamlakatda sanoatning gʻarib ahvolini, millionlab turklar oʻz nasibasini chet ellardan izlayotganini, bu yerda ham avtoritar rejim, bir toʻda amaldorlar hukmronlik qilayotganini oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Liraning qadrsizlanishi, oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshishi bu mamlakat hayotining doimiy yoʻldoshi boʻlib kelmoqda.
Najot, taraqqiyot yoʻlini qonxoʻr diktatura, qullikka asoslangan avtoritar tuzumdan qutulish yoʻlini Ukraina xalqi koʻrsatib berdi. Qahramon ukrain xalqi bugun nafaqat oʻzining hududiy daxlsizligi, erk va ozodligi, balki, Markaziy Osiyo xalqlari uchun ham haloskorlik kurashini olib bormoqda. Bugun Ukraina maydonlarida boʻyinturuqlar sinmoqda, kishanlar parchalanmoqda, odamlar ongi zulm, qoʻrquv kishanlaridan tozalanmoqda. Asrlar davomida qullik zanjirida yashagan, garchi, zanjir yechilgani Belorussaya Puchada eʼlon qilinganiga 30 yildan oshgan boʻlsada, hamon «Moskov» degan qoziq atrofidan keta olmay, itoatkorlik boʻyinturugʻini sudrab yurgan xalqlarga Olloh bugun juda katta imkoniyatni, haqiqat fursatini bermoqda. Minglab Qodiriylar, Choʻlponlar kutgan fursat keldi. Bizning haq-huquqimiz uchun Ukraina misolida Yevropa, Amerika, butun dunyodagi progressiv insoniyat najot qoʻlini choʻzmoqda. Eng quvonarlisi, AQSH prezidenti Djo Bayden butun dunyoda demokratiya va avtokratiya oʻrtasida jang boshlangani, bu kurashda Amerika demokratiya yoʻlini tanlaganlarni qoʻllashini ochiq oydin eʼlon qildi.
Amerika, Yevropa bugun nochorlik, qashshoqlik, huquqsizlik girdobidan qochayotgan millionlab Markaziy Osiyolik migrantlarni oʻz bagʻriga qabul qilish, ularni uy, ish bilan taʼminlashdan emas, ularning oʻz vatanlarida xom-ashyoga boy boʻlgan oʻlkalarida sanoatni, ilm-fanni rivojlantirishdan, jahon bozoriga qoʻshayotgan hissasini oshirishdan, inson haq-huquqlari taʼminlanishidan koʻproq manfaatdor.
Buning uchun bu mamlakatlarda siyosiy-iqtisodiy islohotlar oʻtkazilishi, inson huquqlari taʼminlanishi, mamlakatda parlament hukumati shakllanishi kerak. Mamlakatdan oʻgʻirlangan, talon-taroj qilingan boyliklar mamlakat xazinasiga qaytarilishi kerak. Bunday fursat keldi. Haqiqat fursati keldi. Buyogʻi qanday boʻlishi sizu bizning ongimizdagi zanjirlardan tezroq xalos boʻlishimizga bogʻliq.
AQSH va Yevropa mamlakatlari uchun dunyoda qanchalik faryod kam boʻlsa, shunchalik yaxshi.
Andijon qirgʻini, Xitoyning Shinjonidagi uygʻurlarning qayta tarbiyalash lagerlaridagi dod-faryodini, Olma-ota qirgʻinida otib oʻldirilganlarning qichqirigʻini Amerika, Yevropa eshitadi. Bu kulfatlardan u yerdagi xalqlarning yurak bagʻri ezilib, vujudi junbushga keladi, lekin fojeaning yonida, ichida turgan shu millatga qondosh, dindosh boʻlgan davlatlar rahbarlari churq yetmaydi.
Xuddi turkiy davlatlar tashkiloti vataniga hiyonat qilgan Nazarboyevga joy berishu bir birini maqtash, iltifot koʻrsatish uchun kerakdek?!.
Fikr mulohazalar jurnalistning shaxsiy qarashlari boʻlib, tahririyatning nuqtai nazarini ifoda etmaydi